Puli qaytarilmagan buyurtma

Puli qaytarilmagan buyurtma

Zamonaviy raqamli xizmatlar hayotimizni yengillashtirayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlari ham uchrab turibdi. Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro R. A. bilan bog‘liq holat ham shular jumlasidandir.

Fuqaro 2026 yil 21 aprel kuni ishonch telefoni orqali murojaat qilib, Yandex ilovasi orqali ovqat buyurtma qilganini, ammo promokod kiritilmagani sababli buyurtmani bekor qilganini ma’lum qilgan. Shunga qaramasdan, uning hisobidan mablag‘ yechib olingan va qaytarib berilmagan.

Murojaat Qo‘shtepa tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘rganish jarayonida to‘lov haqiqatda yechib olingani, biroq xizmat to‘liq amalga oshirilmagani holda mablag‘ o‘z vaqtida qaytarilmagani aniqlandi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi buyurtmani bekor qilgan taqdirda, agar xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u tomonidan to‘langan mablag‘ qaytarilishi shart. Mazkur talablardan kelib chiqib, mas’ul tashkilotlar bilan olib borilgan ish natijasida fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.

Yakunda, iste’molchining hisobidan yechib olingan mablag‘ to‘liq qaytarilib berildi va uning qonuniy manfaatlari tiklandi.

Отправить комментарий