Asossiz qarzdorlik bartaraf etildi: iste’molchi huquqlari sud orqali tiklandi

Asossiz qarzdorlik bartaraf etildi: iste’molchi huquqlari sud orqali tiklandi

Farg‘ona viloyatida iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida aholini qiynayotgan dolzarb masalalardan biri — kommunal xizmatlar bo‘yicha asossiz qarzdorlik hisoblanishi holati yuzasidan ijobiy natijaga erishildi. Mazkur holatda iste’molchining huquqlari sud tartibida himoya qilinib, adolat tiklandi.

Fuqaro X.M.ning manfaatlarini ko‘zlab Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan sudga da’vo arizasi kiritildi. Unda Farg‘ona viloyati issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan 3,3 mln so‘mga yaqin qarzdorlik va penya asossiz hisoblangani ta’kidlandi.

Ishni ko‘rib chiqqan sud jarayonida aniqlanishicha, da’vogar yashab kelayotgan xonadonda isitish radiatorlari umuman o‘rnatilmagan, faqatgina tik quvur mavjud bo‘lgan. Shu sababli amalda issiqlik xizmati to‘liq ko‘rsatilmaganiga qaramasdan, korxona tomonidan qarzdorlik hisoblangan.

Qonunchilikka ko‘ra, energiya ta’minoti munosabatlari shartnoma asosida amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, iste’molchiga amalda xizmat ko‘rsatilmagan holatda to‘lov talab qilish qonuniy hisoblanmaydi. Sud mazkur holatlarni har tomonlama o‘rganib, da’vogarning vajlarini asosli deb topdi. Natijada sud qarori bilan fuqaro X.M.ga nisbatan hisoblangan jami 3 313 704 so‘m qarzdorlik va penya bekor qilindi hamda iste’molchi qarzdan to‘liq ozod etildi. Shu bilan birga, javobgar korxona zimmasiga davlat boji undirish majburiyati yuklatildi.

Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim saboq bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni, kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblar shaffof va asosli bo‘lishi shart. Agar xizmat amalda ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz bo‘lsa, iste’molchi o‘z huquqlarini talab qilishga to‘liq haqli.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu holat ham tizimli ishlar natijasida adolatli hal etildi.

Xulosa qilib aytganda, har bir iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va zarur hollarda ularni himoya qilishdan tortinmasligi lozim. Zero, qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda adolat doimo qaror topadi.

Отправить комментарий