Amaliyotchilar uchun huquqiy bilimlar: iste’molchi murojaatlari bilan ishlash tartibi o‘rgatildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida amaliyot o‘tayotgan Farg‘ona davlat universiteti talabalariga Federatsiya tizim tashkilotlarida iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash tartib qoidalari yaqindan tanishtirildi.
Hududiy birlashma Huquqiy himoya sho‘’basi boshlig‘i Faxriddin Boynazarov amaliyotchilarga O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonuni mazmun-mohiyati, aholi vakillarining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni bilan belgilab berilgan huquqlari buzilgan holatlarda o‘z huquqlarini mustaqil, davlat va nodavlat tashkilotlari, sudlar yordamida himoya qilish yo‘l-yo‘riqlari, tizim tashkilotlariga aholi (iste’molchilar)dan murojaatlarni qabul qilib olish uchun yaratilgan imkoniyatlar, tizim xodimlari tomonidan murojaatlarni o‘rganish usullari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytardi.
Hududiy birlashma Huquqiy himoya mutaxassisi Shahlo Kasimova murojaatlarning shakllari, iste’mol sohasiga oid masalalarda davlat va nodavlat tashkilotlarida tashkillangan ishonch telefon raqamlari, elektron murojaat yuborishning qulayliklari, Federatsiya tizim tashkilotlarida murojaatlarni qabul qilib qilish olish, rasmiylashtirish, hududiy tegishliligi bo‘yicha tuman (shahar) jamiyatlariga yetkazish, ularni o‘rganib chiqish muddatlari, o‘rganish yakunlari bo‘yicha hujjatlar to‘plamini tayyorlash, fuqaroga javob xati yuborish kabi masalalarda tushuntirishlar berdi hamda fuqarolarning murojaatlari yuzasidan tayyorlanadigan hujjatlar to‘plami namunalari bilan tanishtirdi.
Mazkur amaliy mashg‘ulotlar talabalarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ish jarayonlarini yaqindan anglash imkonini berdi. Ayniqsa, murojaatlar bilan ishlashning bosqichma-bosqich tartibi, hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalari hamda fuqarolar bilan muloqot madaniyati bo‘yicha olingan bilimlar kelgusida ularning malakali mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, bunday uchrashuv va amaliy darslar yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi uchun yetuk va bilimli kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Yoqubjonova Madina,
Abdusalomova Sarvinoz,
FarDU Filologiya fakulteti 23.90-guruhi talabalari.



Отправить комментарий