Gaz ballonini o‘z vaqtida yetkazib berilishi – iste’molchining qonuniy huquqi
Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash kundalik hayotda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlarda yashovchi fuqarolar uchun suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish zarur ehtiyoj hisoblanadi. Biroq ayrim hollarda gaz ballonlari kechikib yetkazilishi natijasida iste’molchilar haqli ravishda norozilik bildiradilar.
Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A. P. ham suyultirilgan gaz ballonini o‘z vaqtida ololmagani sababli O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan o‘rganish olib borilganda, hududiy gaz ta’minoti tashkilotida propan gaz mahsuloti yetarli miqdorda mavjud emasligi sababli gaz ballonlarini yetkazib berishda kechikishlar yuzaga kelayotgani aniqlangan.
Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida Qo‘shtepa tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari olib borilgan. Natijada texnik va tashkiliy masalalar hal etilib, fuqaro A. P. shu kunning o‘zida suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilgan hamda murojaat ijobiy hal etilgan.
Shuningdek, Qo‘shtepa tumanining Kichik Beshkapa MFYda yashovchi bir guruh fuqarolar ham suyultirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganidan norozilik bildirib, yozma ravishda murojaat qilganlar. O‘rganish davomida murojaat asosli ekani aniqlanib, tuman gaz ta’minoti bo‘limi bilan hamkorlikda aholini gaz ballonlari bilan ta’minlash ishlari tashkil etilgan. Natijada murojaat qilgan fuqarolarning muammosi bartaraf etilgan va gaz ballonlari mahallaga yetkazib berilgan.
Mazkur holatlar iste’molchilar o‘z huquqlarini bilishi va muammo yuzaga kelganda tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Chunki iste’molchining murojaati ko‘pincha muammoni tezkor hal etish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini yaxshilash hamda xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, iste’molchi sifatli xizmat olish, o‘z manfaatlari buzilgan taqdirda esa murojaat qilish va zararning bartaraf etilishini talab qilish huquqiga ega.
Shu bois, agar siz ham kommunal xizmatlar, jumladan suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, muammoni jim kuzatib turmasdan, tegishli idoralar yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojaat qilishingiz maqsadga muvofiqdir.
Unutmang, murojaat qilish — huquqingizni himoya qilishning eng samarali vositalaridan biridir.



Отправить комментарий