Iste’molchining murojaati ijobiy hal etildi: 250 ming so‘mlik asossiz qarzdorlik bekor qilindi

Iste’molchining murojaati ijobiy hal etildi: 250 ming so‘mlik asossiz qarzdorlik bekor qilindi

Fuqarolarning kommunal xizmatlar sohasidagi huquqlarini himoya qilish, asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish borasida Federatsiyaning Farg‘ona tuman jamiyati tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlardan birini misol tariqasida ko‘rib o‘taylik.

Farg‘ona tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi fuqaro Sh.E. tuman jamiyatiga og‘zaki murojaat qilib, maishiy chiqindilar xizmati bo‘yicha 324 ming 300 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hisoblangan qarzdorlik haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi sababli masalaga huquqiy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

Murojaat qabul qilinishi bilan Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan holat atroflicha o‘rganildi. Masalaga aniqlik kiritish maqsadida Farg‘ona tumanida faoliyat yurituvchi «Maxsus Garant Avto Servis» MChJga rasmiy so‘rov xati yuborilib, hisob-kitoblarni qayta ko‘rib chiqish hamda murojaatni qonunchilik talablari asosida hal etish so‘raldi.

Korxona mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida iste’molchining shaxsiy hisobvarag‘i qayta tahlil qilindi. Natijada hisoblangan qarzdorlikda xatolik mavjudligi aniqlanib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi.

Qayta hisoblash natijasida fuqaro hisobidan 250 ming so‘m miqdoridagi asossiz qarzdorlik chiqarib tashlandi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal qilinib, uning qonuniy manfaatlari tiklandi.

Murojaat natijasidan mamnun bo‘lgan fuqaro jamiyat xodimlariga bildirgan minnatdorligida muammosi qisqa muddat ichida hal qilingani va huquqiy ko‘mak samarali bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Ushbu holat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan kommunal xizmatlar sohasida ham fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, asossiz qarzdorliklarni bartaraf etish hamda murojaatlarni adolatli hal etish borasida tizimli ishlar olib borilayotganining yana bir amaliy namunasidir.

Agar iste’molchilar kommunal to‘lovlar, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida huquqlari buzilgan deb hisoblasalar, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish orqali o‘z huquqlarini samarali himoya qilishlari mumkin.

Отправить комментарий