Suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmatlari sifati bo‘yicha aholi so‘rovnomasi natijalari
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmatlarining sifati, muntazamligi, ballonlarning holati, hisob-kitoblar, shartnomaviy munosabatlar va xavfsizlik masalalari yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi.
So‘rovnomada 15 ta tuman va shahardan 315 nafar aholi vakili ishtirok etdi. So‘rovnoma natijalari suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida ijobiy jihatlar bilan bir qatorda, iste’molchilarni qiynayotgan ayrim tizimli masalalar ham mavjudligini ko‘rsatdi.
Gaz yetkazib berish muntazamligida muammolar bor
So‘rov ishtirokchilarining 80,3 foizi gaz yetkazib berish kechikkan holatlarga duch kelganini, 53,7 foizi esa so‘nggi olti oyda gazni belgilangan vaqtda ololmay qolganini bildirgan.
Gaz yetkazib berish doimo belgilangan grafik asosida amalga oshirilishini aytganlar ulushi 44,8 foizni tashkil etgan. 37,5 foiz ishtirokchi gaz ba’zan grafik asosida yetkazib berilishini, 9,5 foizi esa suyultirilgan gaz deyarli berilmasligini qayd etgan.
Bu borada ayniqsa Yozyovon, Beshariq, Marg‘ilon, Oltiariq, Rishton, Toshloq, Farg‘ona va Qo‘shtepa tumanlarida kechikishlar yuqori ko‘rsatkichlarda qayd etilgan.
Ballonlarning holati ham e’tibor talab qiladi
Respondentlarning 51,1 foizi yetkazib berilayotgan gaz ballonlarining tashqi holatini yaxshi, 45,7 foizi qoniqarli deb baholagan. Shu bilan birga, 15,6 foiz ishtirokchi zanglagan, ezilgan, shikastlangan yoki boshqa nuqsoni bor ballon berilgan holatga duch kelganini bildirgan.
Eng e’tiborli ko‘rsatkichlar Bag‘dod, Yozyovon va Farg‘ona tumanlarida kuzatilgan.
Shuningdek, 41 foiz respondent ballonda gaz sizib chiqishi yoki ventil’ bilan bog‘liq muammo kuzatilganini qayd etgan. 22,5 foiz ishtirokchi esa ilgari texnik holati qoniqarsiz ballonni qabul qilishga majbur bo‘lganini bildirgan.
Ballonning texnik holati haqida xabardorlik yetarli emas
Respondentlarning 60,6 foizi ballonning texnik ko‘rikdan o‘tganligi haqida ma’lumotga ega ekanini aytgan bo‘lsa, 34 foizi bunday ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Ballonni qabul qilishdan oldin uning holati doimo tekshirilishini aytganlar 57,1 foizni tashkil etgan. 23,5 foiz ishtirokchi esa ballon holati umuman tekshirilmasligini bildirgan.
Gaz miqdori va hisob-kitoblar
Respondentlarning 62,9 foiziga yetkazib berilgan gaz miqdori haqida aniq ma’lumot berilishi qayd etilgan. Biroq 34 foiz ishtirokchi bunday ma’lumot berilmasligini bildirgan.
Shu bilan birga, 85,1 foiz respondent yetkazib berilgan gaz miqdoriga ishonch bildirgan. Gazning amaldagi narxini biladiganlar 86,3 foizni tashkil etgan.
To‘lov miqdori va hisob-kitobni tushunarli deb hisoblovchilar esa 99 foizni tashkil etgan.
Chek berish masalasida kamchiliklar bor
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, to‘lov bo‘yicha chek yoki boshqa qonuniy tasdiqlovchi hujjatni doimo oladiganlar 57,1 foizni tashkil etgan. 32,4 foiz ishtirokchi esa chek umuman berilmasligini bildirgan.
Bu ko‘rsatkich iste’molchining o‘z xaridini va to‘lovini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi nuqtai nazaridan alohida e’tibor talab qiladi.
Shartnoma va iste’molchi huquqlari
So‘rov ishtirokchilarining 88,3 foizi suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha shartnoma tuzganini bildirgan. Biroq ularning 26,7 foizida shartnoma nusxasi mavjud emas.
Shartnoma shartlari 70,8 foiz ishtirokchiga tushuntirilgan bo‘lsa, 29,2 foizida bu borada tushuntirish berilmagan.
Shuningdek, iste’molchi sifatidagi huquqlari tushuntirilganini bildirganlar 69,5 foizni tashkil etgan, 30,5 foiz ishtirokchi esa o‘z huquqlari tushuntirilmaganini qayd etgan.
Xavfsizlik bo‘yicha tushuntirishlar ijobiy, ammo yetarli emas
Suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari tushuntirilganini bildirganlar 87,6 foizni, gaz sizib chiqqanda qaerga murojaat qilishni biladiganlar esa 92,4 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, gaz ballonidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma yoki tushuntirish olmaganlar 25,7 foizni tashkil etgan.
So‘nggi vaqtlarda gaz uskunalari yoki ballonlar xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar xonadonga tashrif buyurganini 54,6 foiz respondent bildirgan, 31,7 foizi esa bunday tashrif bo‘lmaganini qayd etgan.
Murojaatlar bilan ishlash
So‘rovda ishtirok etganlarning 30,2 foizi ilgari suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha shikoyat yoki murojaat qilgan.
Murojaatlarning asosiy qismi gazning o‘z vaqtida yetkazilmasligi, ballon holati, gaz miqdori, to‘lov va boshqa ta’minot masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Murojaat qilganlarning 23,8 foizi murojaatiga javob berilganini, 4,1 foizi javob berilmaganini, 2,2 foizi esa qisman javob berilganini bildirgan. Muammo amalda bartaraf etilganini qayd etganlar 22,2 foizni tashkil etgan.
Tuman va shaharlar kesimida
So‘rovnoma natijalarida xizmat sifatiga berilgan o‘rtacha baho bo‘yicha O‘zbekiston tumani — 4,6, Bag‘dod — 4,44, Buvayda va Dangara — 4,2, Uchko‘prik va Qo‘qon shahri — 4,0 ko‘rsatkich bilan yuqori natijalarni qayd etgan.
Shu bilan birga, Farg‘ona tumani — 2,7, Beshariq va Qo‘shtepa tumanlari — 3,0, Oltiariq — 3,06, Rishton — 3,48 ko‘rsatkich bilan nisbatan past baholangan.
Umuman, 315 nafar respondentning baholari bo‘yicha suyultirilgan gaz ta’minoti xizmatining o‘rtacha ko‘rsatkichi 3,65 ballni tashkil etgan.
Xulosa
So‘rovnoma natijalari suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida gaz yetkazib berishning belgilangan grafikka rioya qilinishi, kechikishlar haqida iste’molchilarni o‘z vaqtida xabardor qilish, gaz ballonlarining texnik holati, chek berish, shartnoma nusxasini iste’molchiga taqdim etish va iste’molchilar huquqlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, gaz yetkazib berishda kechikishlar yuqori qayd etilgan hamda xizmat sifatiga baho nisbatan past bo‘lgan hududlarda mazkur masalalarni alohida o‘rganish, aniqlangan muammolarning sabablarini tahlil qilish va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish maqsadga muvofiq.



Отправить комментарий