Murojaatdan so‘ng xonadonga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi
Toshloq tumani Jarqishloq MFY hududida yashovchi N.O. xonadonga suyultirilgan gaz balloni uzoq vaqt davomida yetkazib berilmayotganidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildi. Murojaatida u xonadoniga iyun oyidan buyon suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilmaganini qayd etilgan.
Mazkur murojaat Toshloq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilib, masalaga oydinlik kiritish uchun «Hududgaz Farg‘ona» GTFning Toshloq tumangaz bo‘limiga rasmiy so‘rov yuborildi. O‘rganish davomida xonadonning suyultirilgan gazdan foydalanuvchi aholi ro‘yxatida ekani, aholi xonadonlari belgilangan tartibda maxsus maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlanishi hamda ularga 20 kilogrammdan imtiyozli narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilishi ma’lum qilindi.
Natijada, tasdiqlagan reja-jadval asosida fuqaro N. O.ning xonadoniga imtiyozli narxda suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Shuningdek, gazdan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilish zarurligi bo‘yicha tushuntirish berildi.
Ushbu holat iste’molchining kommunal xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq muammosi e’tiborsiz qolmasligi, uning murojaati belgilangan tartibda o‘rganilishi va mas’ul tashkilotdan aniq javob olinishi muhimligini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, iste’molchi o‘z muammosini bayon qilish bilan cheklanib qolmasdan, 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, masalaning o‘rganilishiga erishdi. Tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik natijasida esa xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib berildi.



Отправить комментарий