Besh kunlik va’da, ammo bajarilmagan buyurtma: deraza pardasi masalasi hal etildi

Besh kunlik va’da, ammo bajarilmagan buyurtma: deraza pardasi masalasi hal etildi

Yozyovon tumani Cho‘lig‘iston mahallasida yashovchi fuqaro M.X. xonadonidagi uchta deraza uchun parda tiktirish maqsadida tumanda faoliyat yurituvchi parda bichish va tikish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektiga murojaat qiladi. Kelishuvga ko‘ra, umumiy qiymati 650 ming so‘m bo‘lgan buyurtma besh kun ichida tayyorlab berilishi kerak edi. Biroq belgilangan muddat o‘tganidan keyin ham pardalar tayyor bo‘lmagan.

Fuqaro buyurtmasi nega bajarilmaganini so‘rab borganida, xizmat ko‘rsatuvchi tomon buyurtmalar ko‘pligi sababli hali uni tayyorlashga kirishilmaganini bildirib, yana 3–4 kundan keyin tayyorlab berishini aytgan. Shundan so‘ng fuqaro o‘z haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida murojaat qildi. Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari holatni o‘rganib, xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari hamda iste’molchining huquqlari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordilar.

O‘rganish yakuniga ko‘ra, murojaatda ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgani qayd etildi. Iste’molchiga uning huquqlari tushuntirilib, xizmat ko‘rsatuvchiga esa buyurtmani kelishilgan talablar asosida bajarish zarurligi yuzasidan tegishli tushuntirish berildi. Natijada fuqaro bilan kelishilib, ikki kun muddatda pardalarni tayyorlab berish majburiyati olindi. Shu tariqa oddiy maishiy xizmat bilan bog‘liq muammo iste’molchining murojaati va huquqiy tushuntirishlar asosida ijobiy hal etish chorasiga yo‘naltirildi.

Ushbu holat iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasidagi kelishuvda xizmatni bajarish muddatini aniq belgilab olish, imkoni bo‘lsa, buyurtma va kelishuvni yozma shaklda rasmiylashtirish qanchalik muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Iste’molchi buyurtma berganda xizmatning narxi, hajmi, sifati va bajarilish muddatini aniqlashtirib olishi, kelishilgan shartlarga rioya etilmagan taqdirda esa o‘z huquqlarini himoya qilish uchun tegishli tartibda murojaat qilishi mumkin.

Отправить комментарий