Yil sarhisobi
Uchko`prik tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati yakunlangan 2019 yilda ham ko`plab xayrli ishlarni amalga oshirdi. Fuqarolarning isteʼmolchilik sohasidagi huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida tumandagi korxona, tashkilot, idora va muassasalarda faoliyati yo`lga qo`yilgan tayanch guruhlari (boshlang`ich tashkilotlar) a`zolari o`rtasida, mahalla fuqarolar yig`inlarida “Isteʼmolchilar huquqlari – qonun himoyasida”, “Isteʼmolchining huquq va burchlari”, “Biz barchamiz isteʼmolchimiz” mavzularida 59 ta o`quv seminarlari, 65 ta davra suhbatlari o`tkazildi. Radio, televidenie va markaziy hamda mahalliy bosma ommaviy axborot vositalarida ham ushbu mavzularga oid maqola va xabarlar muntazam yoritib borildi.
O`tgan yilda isteʼmolchilarning elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti, savdo, aloqa, kommunal sohalarga oid 42 ta murojaatlari o`rganib chiqilib, isteʼmolchilar foydasiga salkam 9 million so`mlik mablag`lar qayta hisob-kitob qilib berildi. Isteʼmolchilarga 45 ta holatda bepul huquqiy maslahatlar berildi, 41 nafar fuqarolarga esa tuman jamiyati rahbarining aholi bilan muloqotlari doirasida amaliy yordamlar ko`rsatildi.
Tuman jamiyatiga kelib tushgan murojaatlar tahlili, aksariyat hollarda, fuqaro (isteʼmolchi)larning o`z huquq va burchlari yuzasidan yetarli darajada bilimga ega emasligini, shuningdek isteʼmolchilarga xizmat ko`rsatayotgan ayrim korxona va tashkilotlar masʼullarining isteʼmolchilar oldidagi majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi, o`z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondoshganligi natijasida kelib chiqqanligini ko`rsatib bermoqda. Bu esa joriy yilda isteʼmolchilarning huquq bilimi va isteʼmol madaniyatini oshirish borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirish lozimligini, isteʼmolchilarga tovarlar sotuvchi, xizmatlar ko`rsatuvchi tashkilotlar masʼullari o`rtasida amaldagi qonunchilik asoslari, shartnoma majburiyati kabi masalalarda tushuntirish va targ`ibot ishlarini yanada jonlantirishimiz lozimligini ko`rsatib turibdi.
Biz yangi – 2020 yilda ham xayrli ishlarimizni davom ettirishni, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti, xalq farovonligi yo`lida yangidan yangi rejalarni o`z oldimizga maqsad qilib olganmiz.
Nargizaxon ShERАLIEVА,
Uchko`prik tumani IHHQ jamiyati matbuot va axborot mutaxassisi
Отправить комментарий