Hududiy birlashma raisiga minnatdorchilik xati kelib tushdi

Hududiy birlashma raisiga minnatdorchilik xati kelib tushdi

— Аssalomu alaykum hurmatli Аxrorjon Аsqaraliyevich, — deb boshlaydi hududiy birlashma raisi nomiga yozgan minnatdorchilik xatini Navoiy viloyati Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi Sobirjon Ro`ziev.
– Men uy sharoitida asalarichilik bilan shug`ullanib kelaman. 2020 yil boshlarida ushbu yo`nalish bo`yicha tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish maqsadida harakat boshladim. Tabiiyki, menga arilar uchun maxsus yashik (asalari uyi) zarurati tug`ildi. Shundan so`ng ijtimoiy tarmoqlardan imkoniyat qidira boshladim. asalari.uz saytidan Farg`ona viloyati Bogdod tumani Mozortol qishlogida menga kerakli yashiklarni yasovchi tadbirkorlarni manzilini topib, ularga har bir donasi uchun 200 000 (ikki yuz ming) so`mdan jami 20 dona yashik tayyorlashga buyurtma berdim va kelishilgan narx bo`yicha to`lovni amalga oshirdim. Bu orada asalarilarni yetkazib beruvchi tadbirkorga ham buyurtma berib qo`ydim.
Belgilangan muddatga kelib asalari yetkazib beruvchi tadbirkor asalari oilalarini olib ketishimni, aks holda tuzilgan shartnomani bekor bo`lishi va arilarni bermasligini aytib ogohlantirdi. Men shu kunning o`zida yashik yasovchi Bag`dodlik ustalarga bog`landim. Ular esa turli xil bahonalar bilan kunni o`tkazib, buyurtmani kechiktira boshlashdi. Oxir-oqibat telefon orqali bog`lanishni ham imkoni bo`lmay qoldi.
Shundan keyin internet tarmog`idan Sizning bog`lanish maʼlumotlaringizni topib, sizlarga elektron shaklda murojaat qildim. Murojaatim Bog`dod tuman jamiyati raisi Sh.Muxamov orqali qisqa muddatda o`rganib chiqilib, mening foydamga ijobiy xal etildi. Natijada sotib olingan arilarni saqlab qolishga erishildi.
Mening elektron murojaatimni qabul qilib, tez fursatda ijobiy bartaraf etib berganlari, shuningdek O`zbekistonda mana shunday sohani tashkil etib, qo`llab-quvvatlayotganliklari uchun Prezidentimizga, isteʼmolchilar tashkilotining Respublika darajasidagi barcha rahbarlariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.
Mana umumiy qiymati 4 000 000 (to`rt million) so`m bo`lgan, oilam va tadbirkorligim uchun zarur bo`lgan yashiklarni mening xech qanday ovoragarchiliklarimsiz o`z vaqtida uyimga keltirib berishdi. Davlatimizda mana shunday xalq uchun qayg`uruvchi tashkilotlar va o`z vazifalariga munosib, jonkuyar xodimlar qanchalik ko`paysa, xalq ulardan shunchalik minnatdor bo`ladi.

S.Ro`ziev
Navoiy viloyati

Отправить комментарий