O`rganish ishlari natijalari bilan tomonlar murosaga keldi
Qo`qon shahrida yashovchi Sh.U. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan murojaatida avtomobillarni yuvish shahobchasi tomonidan ko`rsatilgan xizmatlardan noroziligini maʼlum qilgan.
Murojaatni o`rganish jarayonida maʼlum bo`lishicha, mazkur shahobcha Qo`qon shahriga chegaradosh Uchko`prik tumani hududida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor R.Yuldashevga qarashli avtomobillarni yuvish shahobchasi ekan. Shahobcha masʼuli bilan mazkur masalada gaplashilganda, masʼul haqiqatan Sh.U.ga xizmat ko`rsatganliklarini, lekin u xizmat ko`rsatilishi natijalaridan qoniqmaganligini, natijada orada biroz tushunmovchilik kelib chiqqanligini maʼlum qildi.
Shahobcha masʼullariga mamlakatimizning amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni mazmun-mohiyati, isteʼmolchining huquqlari, xizmat ko`rsatuvchi (ijrochi)ga qonun bilan belgilab berilgan majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Xususan, qonunning 19-moddasiga ko`ra, agar ijrochi ishda (xizmatda) jiddiy nuqsonlarga yo`l qo`ygan bo`lsa, isteʼmolchi o`z xohishiga ko`ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko`rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko`rilgan zarar to`liq qoplanishini talab qilishga haqli.
O`tkazilgan tushuntirishlardan so`ng, shahobcha tomonidan qonun talabidan kelib chiqilib, ish takroran bajarildi. Natijada o`rganish ishlari tomonlarning murosaga kelishi bilan yakun topdi.
Nargizaxon Sheralieva
Uchkoʼprik tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий