Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishida seminar bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona shahridagi «Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi»da viloyatdagi bir qator jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun seminar o‘tkazildi. Seminarda viloyat Adliya boshqarmasi va Soliq boshqarmasi mas’ullari sohaga oid yangiliklar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdilar.
Jumladan, Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshidjon Umarov «Nodavlat notijorat tashkilotlari va huquqiy savodxonlik» mavzusida qilgan ma’ruzasi doirasida NNT rahbar va mas’ul xodimlari tomonidan huquq normalarini qo‘llashda, normativ hujjatlar talablari ijrosini ta’minlashda e’tibor qaratishlari shart bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib, bu borada batafsil tushuntirishlar berdi.
Soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Azizbek Erkinov O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan to‘lanadigan soliq turlari, bu boradagi imtiyoz va prefensiyalar, ular tomonidan topshiriladigan hisobotlar, soliq sohasidagi hujjat ishlarini elektron tarzda yuritish kabi masalalarda tushuntirishlar berib, tadbir ishitrokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytardi.
Tadbirning ikkinchi qismida viloyatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlariga O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasiga a’zolik guvohnomalarini hamda viloyat Jamoat fondi grant g‘oliblariga sertifikatlarni topshirish marosimi ham o‘tkazildi. O‘zNNTMAga a’zolik guvohnomalari olgan tashkilotlar qatorida Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi ham borligi quvonarli holdir.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий