Nosoz televizor yangisiga almashtirildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining xizmat telefoniga tumandagi Zarkent mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nigoraxon Botirovadan murojaat kelib tushdi. Murojaatda kredit savdo do‘koni mas’ullari tomonidan kafolat muddati ichida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etish choralari paysalga solib kelinayotganligi ma’lum qilingan.
Arizachining ta’kidlashicha u tumandagi “NEW ART HF” MChJ kredit savdo do‘konidan “VISTA” rusumli, ekran diagonali 43 dyumli televizorni 3 524 594 so‘mga, narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida sotib olgan. Ammo televizor kafolat muddati davrida nosoz holatga kelib qolgan. Bu haqida iste’molchi N. Botirova savdo do‘koni xodimlariga bir necha marotaba xabar berib televizorni servis xizmati orqali ta’mirlatib berishlarini so‘rashiga qaramay uzoq vaqt mobaynida uning talabi qondirilmay kelgan.
Ariza “ NEW ART HF” MChJ kredit savdo do‘koni mas’ullari hamkorligida o‘rganildi. Ularga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarining tegishli moddalari talablari atroflicha tushuntirildi. Vaziyat har tomonlama o‘rganilib chiqilishi natijasida iste’molchi tomlnidan keltirilgan vajlar asosli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Jamiyatimiz mutaxassislari tomonidan olib borilgan say’-harakatlar natijasi o‘laroq murojaatchining talabi qondirilib, nuqsonlari aniqlangan “VISTA” rusumli televizor o‘rniga, ekrani diagonali o‘lchamlari bir xil bo‘lgan, maqbul sifatdagi “Premier” rusumli yangi televizor iste’molchiga yetkazib berilishiga erishildi.
Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий