Iste’molchilar talabi qondirildi
Uchko‘prik tumanidagi Yangiyo‘l MFY Yangiyo‘l qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan I. Mirzahmedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Uchko‘prik tuman Xalq qabulxonasiga ichimlik suvidan asossiz hisoblangan qarzdorlik yuzasidan murojaat qildi. Ushbu murojaat Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
Murojaatda aytilishicha, 2021 yilning aprel oyida ushbu qishloqda yashovchi 41 ta xonadonga “O‘zsuvta’minot” AJ “Farg‘ona suv ta’minoti” MChJ Uchko‘prik tuman bo‘limi tomonidan suv hisoblagichlar o‘rnatilgan va, albatta, suv hisoblagich o‘rnatilgungacha bo‘lgan qarzdorliklari iste’molchilar tomonidan to‘liq hisob-kitob qilingan. Lekin suv hisoblagich o‘rnatilganligi va bazaga kiritilganligi haqidagi hujjatlar iste’molchilarga salkam bir yil vaqt o‘tgunga qadar ham taqdim etilmagan hamda suv hisoblagichi yo‘qligi sababli o‘rta to‘lovda qarzdorlik hisoblangan.
Murojaat Uchko‘prik tumani jamiyati hamda soha mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda, haqiqatan ham ushbu manzilda yashovchi 41 ta xonadonga suv hisoblagichlar o‘rnatilganligi, lekin o‘rnatilgan suv hisblagichlar “O‘zsuvta’minot” AJ “Farg‘ona suv ta’minoti” MChJ Uchko‘prik tuman bo‘limi bazasiga kiritilmaganligi va iste’molchilarga hujjatlar taqdim etmaganligi aniqlandi. O‘rganuv davomida ushbu iste’molchilarning xonadonlariga o‘rnatilgan suv hisoblagichlari bazaga kiritildi hamda ularning har biriga hisobga kiritilganligi haqidagi hujjatlar berildi. 9 nafar iste’molchilarning foydalanilgan ichimlik suvidan bo‘lgan haqdorliklari ularning abonent raqamlariga o‘tkazildi va kelgusida ham foydalanilgan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishlari tushuntirildi.
Nargizaxon SHERALIYEVA
Uchko‘prik tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий