O‘zbekiston tumanida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarga bilim berish ishlarini joriy holati o‘rganilmoqda

O‘zbekiston tumanida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarga bilim berish ishlarini joriy holati o‘rganilmoqda

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablarini ijrosini o‘rganish yuzasidan Federatsiya topshirig‘i asosida O‘zbekiston tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ham o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda. Shu kunga qadar tuman jamiyati mutaxassislari bir nechta umumta’lim maktablarida bo‘lib, mazkur ta’lim muassasalari qaramog‘idagi bir necha bolajonlarning ta’lim olish sharoitlari bilan tanishdilar.

Ma’lumki, Hukumatimizning 12.10.2021 yildagi 638-sonli qarori bilan tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, alohida ta’lim olish ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun, ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, davlat umumta’lim maktablarida, davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, sanatoriy turidagi davlat ixtisoslashtirilgan muassasalarida hamda uyda yakka tartibda ta’lim berish ishlari olib borilishi belgilangan. Bolaga uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi toifasi belgilanishi uchun unda jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlar mavjud bo‘lishi, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lishi kabi jihatlarga e’tibor qaratiladi.

Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar talabiga ko‘ra, maktab direktorlari maktab joylashgan hududda yashaydigan shunday toifadagi o‘quvchilarni aniqlaydilar, ro‘yxatga oladilar hamda ularni uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun jalb qilish choralarini ko‘radilar. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi esa o‘quvchining doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasiga asosan o‘quvchining uyda yakka tartibda ta’lim olishini belgilaydi.

O‘quvchiga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida ta’lim-tarbiya beriladi. O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1 — 4-sinflar uchun 8 soat, 5 — 9-sinflar uchun 10 soatni, 10-11-sinflar uchun 12 soatni tashkil qiladi. Dars jadvali haftasiga kamida uch kunga moslab tuziladi.

Tumanda bu boradagi o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Isomiddin Abbasov
O‘zbekiston tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий