Farg‘ona viloyat sudlari tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Farg‘ona viloyat sudlari tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Farg‘ona viloyat Ma’muriy sudi binosida viloyat sudlari tomonidan 2022 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkillandi.

Anjuman doirasida viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi rais hamda o‘rinbosarlari tomonidan hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar tahlili, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan chiqarilgan ayblov hukmlari, jazo amaliyoti, ishlarni yuqori instansiyalarda ko‘rilish ahvoli, oqlov hukmi, sudlanganlik holati, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targ‘ibot ishlari, jismoniy va yuridik shaxslar vakillari qabuli, Memorandumlar ijrosi, qonunchilikdagi yangiliklar hamda sohaga oid boshqa ma’lumotlar haqida atroflicha axborotlar berib o‘tildi.

Jumladan, viloyat Ma’muriy sudi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 667 ta ma’muriy ishlar ko‘rilgan bo‘lib, shularning 503 tasi ommaviy nizolar bilan bog‘liq ishlardan iborat bo‘lgan. Birinchi yarim yillik mobaynida ma’muriy sudlarda ko‘rilgan ishlarda davlat organlari qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ishlar salmoqli ulushni egallagan. Bu yo‘nalishda ko‘rilgan 302 ta ishlardan 141 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, jami ko‘rilgan ishlarning 268 tasi yoki 40 foizi qanoatlantirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan hisobot davrida 4901 ta jinoyat ishlari tamomlangan. Ayblov hukmlari bo‘yicha eng ko‘p qo‘llanilgan jazo amaliyoti ozodlikni cheklash (jami sudlanganlarning 33,1 foizi) jazosi bo‘lgan. Ozodlikdan mahrum qilish jazosi sudlanganlarning 30,5 foizi yoki 1151 nafar shaxsga nisbatan qo‘llanilgan. 2022 yil boshidan shu kunga qadar umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq hukm chiqarish holati qayd etilmagan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan esa o‘tgan davrda 29249 ta fuqarolik ishlari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12582 taga ortgan. Sudlarda ko‘rilgan ishlarning katta qismi (73,1 foizi) bitimlar bilan bog‘liq nizolarga taalluqli bo‘lgan. Statistik ko‘rsatkichlar, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan olinganda, bu boradagi ishlarning 2,3 barobarga ortganligini ko‘rsatmoqda. Buning asosiy sababi esa kredit undirish bilan bog‘liq da’volarning keskin ortganligi (joriy davrda 18882 ta ishlar ko‘rilgan) bilan izohlanadi. Shuningdek, ko‘rilgan ishlarda oila masalalari (8,8 foiz), yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni tasdiqlash (6,3 foiz) masalalaridagi ishlar ham salmoqli ulushga ega.

Anjuman davomida sohada olib borilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’ulmotlar berib o‘tish barobarida, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga ham javoblar qaytarildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Отправить комментарий