Sifatsiz tibbiy xizmat uchun to‘langan uch million so‘mga yaqin pul mablag‘i iste’molchiga qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Soybo‘yi ko‘chasida yashovchi O. A. ning stomatolog shifokor tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmat sifatidan norozi bo‘lib, ushbu yo‘nalishda ko‘rsatilgan xizmat uchun amalga oshirilgan 2 900 000 so‘m pul mablag‘ini qaytarib olishida amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli. Yuzaga kelgan holatda iste’molchi o‘z huquqidan foydalanib, shartnoma bekor qilinishini va ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilmoqda.
Olib borilgan o‘rganish ishlari davomida tibbiyot muassasiga tashrif buyurilib, muassasa rahbari hamda shifokor bilan uchrashildi, iste’molchi tomonidan bildirilgan vajlarni tasdiqlash maqsadida uni tibbiy mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazildi. Natija iste’molchining haqligini ko‘rsatgach, uning tomonidan tibbiy xizmatlar uchun amalga oshirilgan 2 900 000 so‘m pul mablag‘ini to‘liq qaytarilishiga erishildi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий