Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish ishlari o‘tkazildi

Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish ishlari o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”i, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi PF-6181-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi», Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida 2023 yilning 30 may kunida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risida Memorandum, shuningdek O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Ustaviga muvofiq, qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarda Vazirlar Mahkamasining 25.05.2011 yildagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” talablari ijrosi ta’minlanishi holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 9-moddasiga ko‘ra, ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining 25.05.2011 yildagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (qarorga 3-ilova), yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshirish tartibini belgilaydi. Bundan ko‘rinadiki, ushbu sohada faoliyat olib boruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘z faoliyatlarini mazkur Nizomda belgilab berilgan tartibda amalga oshirishlari lozim.

O‘rganish davomida Farg‘ona viloyatining 14 ta ma’muriy-hududiy birligida ushbu faoliyatni amalga oshiruvchi 18 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati bilan tanishilganda, yuqoridagi Nizom talablarini to‘laqonli ijrosi ta’minlanmaganligi holatlariga ham duch kelindi.

O‘rganilgan 18 ta subyekt bo‘yicha transport vositalarini saqlash nazarda tutilgan jami to‘xtash joylari soni 3 490 ta bo‘lib, shularning 1 935 tasi usti yopiq holatda saqlashga, 1 166 tasi esa to‘liq ochiq osmon ostida saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, shulardan 7 ta subyektda avtotransport vositalarini usti yopiq bino (inshoot) ostida saqlash uchun sharoitlar qilinmagan va ular to‘liq ochiq osmon ostida saqlanadi.

Nizomning 5-bandida, transport vositalarini saqlash joylari transport vositalarini saqlash uchun mo‘ljallangan to‘xtash joylarini joylashtirish va jihozlashga qo‘yiladigan texnik shartlar talablariga, shu jumladan boshqa bir qator talablarga javob berishi kerak. Ya’ni bu joylar hududi qattiq qoplama bilan qoplanishi, kuzatuv kameralari, yoritish, axlat to‘plash uchun konteynerlar, suvni tindiradigan yomg‘ir kanalizatsiyasi, yong‘inga qarshi vositalar mavjud bo‘lishi lozim.

O‘rganishda 18 ta subyektlarning 9 tasida xo‘jalik yurituvchi subyektning avtomobillarni saqlash uchun mo‘ljallangan hududi yo qattiq qoplama bilan to‘liq qoplanmaganligi yoki umuman qoplanmaganligi kuzatildi. Subyektlarning 5 tasida axlat to‘plash uchun konteynerlar, 9 tasi hududida suvni tindiradigan yomg‘ir kanalizatsiyasi mavjud emas. Ularning 4 tasida yong‘inga qarshi vositalar to‘liq shakllantirilmagan, 2 tasida esa umuman mavjud emas yoki o‘rganish kunida ko‘rsatib berilmagan.

Nizomga ko‘ra, hudud 2 metrdan past bo‘lmagan temir-beton (metall, g‘isht, shlakoblok) devor bilan o‘ralgan bo‘lishi lozim bo‘lib, o‘rganilgan subyektlarning 3 tasida ushbu devorlarning balandligi talab darajasida emasligi yoki to‘liq o‘ralmaganligi qayd qilindi.

Nizom talablarida kirish (chiqish) darvozlarining kengligi kamida 4,5 metr bo‘lishi lozimligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, subyektlarning 6 tasida ular ushbu normadan kam bo‘lib, 3 metrdan 4,25 metrgachani tashkil qilishi kuzatildi.

Tartib-qoidalarga ko‘ra, nazoratchi kassirning xonasi kirish (chiqish) uchun ajratilgan joyga tutashgan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, 3 ta hududdagi subyektlarda ular kirish (chiqish) joyidan boshqa joyda joylashganligi, kirish (chiqish) joyining nazoratchi kassir xonasi tashqi qismiga ko‘rinarli joyida ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatishning tariflari va shartlari to‘g‘risida yirik harflarda ma’lumot joylashtirilishi to‘g‘risidagi qoidaga 4 ta subyektlarda amal qilinmaganligi qayd qilindi.

Qonunlarda xizmat ko‘rsatish joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun belgilangan hajmlarda alohida sharoitlar tashkil qilinishi lozim bo‘lib, Nizomda ham ushbu talab nazarda tutilgan va bunday shaxslar uchun kamida ikkita to‘xtash joyi mavjud bo‘lishi lozim bo‘lsada, o‘rganilgan subyektlarning 7 tasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus jixozlangan to‘xtash joylari tashkil qilinmaganligi kuzatildi.

Nizom talablariga ko‘ra, bitta transport vositasining to‘xtash joyi uchun hisoblangan maydon 20 kv metrga teng deb qabul qilinishi belgilangan bo‘lib, 10 ta subyektlarda to‘xtash joyi uchun hisoblangan maydon ushbu normadan kam, 18 kv metrgacha va undan ham kam qilib olinishi holatlariga duch kelindi.

O‘rganilgan subyektlarning 6 tasida alohida telefon aloqasi bo‘lsada, ichki ishlar organlari naryadlarini tez chaqirish knopkasi bilan ta’minlanmaganligi, ularning 5 tasi esa har ikkisi bilan ham ta’minlanmaganligi kuzatildi.

Shuningdek, o‘rganish davomida to‘xtash joyida hududga begona shaxslarni qo‘yish, transport vositalarini ularni joylashtirish rejasini buzgan holda to‘xtash joylarining hisoblangan sonidan ortiqcha qabul qilish va joylashtirish, transport vositalari o‘rtasidagi masofani kamaytirish kabi Nizomda taqiqlangan holatlarga duch kelindi.

Shuning bilan birgalikda, 5 ta subyektda aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun bo‘lishi shart bo‘lgan Nazorat kassa mashinasi va to‘lov terminalining mavjud emasligi, 9 ta subyektlarda Nizomning 8-bandida transport vositalarini saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar, shuningdek ularni tashish (evakuatsiya qilish) xarajatlari uchun haq to‘lash ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan, biroq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha amalga oshirilayotganligi bildiruvchi preskurantlarni aholi (iste’molchilar) e’tiboriga yetkazilmaganligi holatlari ham kuzatildi.

O‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi yakunlari bo‘yicha jamlama ma’lumotnoma Farg‘ona viloyat IIB YHXBga vakolati doirasida tegishli chora-tadbirlarni belgilanishi uchun chiqarildi.

Отправить комментарий