Bajarilgan ish uchun ortiqcha haq olgan ustadan pul sud orqali qaytarib olindi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudida Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining fuqaro A.X.ning manfaatini ko‘zlab qurilish ishlari ustasi A.E.ga nisbatan kiritilgan da’vo arizasi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qarori bilan da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.X.ning xonadonida tomga shifer yopgan A.E. va uning sherigi bo‘lgan usta tomonidan bajarilgan ishlar uchun hisob-kitob vaqtida adashilib, buyurtmachi A.X.dan 1 480 000 so‘m miqdorida ortiqcha pul olingan. Hisob-kitobda anglashilmovchilikning kelib chiqishiga esa tom yopish shaklining dastlabki kelishuvdagiga nisbatan o‘zgarishi va buning natijasida kamroq qurilish materiallari va xizmat haqi sarflanganligi sabab bo‘lgan. To‘lovni ko‘proq to‘lab yuborganligini keyinchalik payqagan buyurtmachi ulardan ortiqcha olingan pul summasini qaytarilishini so‘ragan. Ikkinchi tomon ham pulni ortiqcha olinganini tan olib, qaytarishga va’da qilgan. Lekin bu ishlar paysalga solinavergach, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Ish sudda ko‘rilguniga qadar A.E.ning sherigi bo‘lgan usta 1 480 000 so‘m ortiqcha olingan xizmat haqidan o‘zi olgan 740 000 so‘mni qaytarganligi sababli, da’vo ikkinchi usta A.E.ning o‘ziga nisbatan kiritildi. Sud ishni ko‘rib chiqib, javobgardan da’vogar foydasiga 740 000 so‘m ortiqcha olingan pul mablag‘i va 34 000 sud harajati, davlat darodamiga 340 000 so‘m davlat boji undirilishi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqardi.
Avazbek Yusupov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий