Farg‘ona davlat universitetida “Moliyaviy savodxonlik kutubxonasi” foydalanishga topshirildi

Farg‘ona davlat universitetida “Moliyaviy savodxonlik kutubxonasi” foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Yoshlarning muammolarini hal qilishga, tashabbuslari va zamonaviy g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi grant tanlovining “Yoshlar orasida ijtimoiy tadbirkorlikning asoslarini keng targ‘ib etish, yoshlar qatlamining moliyaviy savodxonligini oshirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanadigan yosh iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish” yo‘nalishida “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli loyihasi bilan qatnashib tanlov g‘olibi bo‘lgan edi. Bugun ana shu loyiha doirasida ko‘zda tutilgan vazifalardan biri — Farg‘ona davlat universitetida “Moliyaviy savodxonlik kutubxonasi”ni foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan brifingda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Moliyaviy savodxonlik kutubxonasi” universitetning ushbu sohaga yaqin bo‘lgan fakul’teti — Iqtisodiyot fakul’tetida tashkillandi. Kutubxonani tashkil qilish uchun hududiy birlashma tomonidan 120 nomdagi 230 dan ortiq, o‘quvchiga moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bilimlar berish, bu boradagi huquqiy bilimlarni oshirish va rivojlantirishga xizmat qiluvchi ilmiy, ilmiy-ommabop va badiiy kitoblar xarid qilindi va fakul’tet kutubxona fondiga hadya qilindi.

Tadbirda universitet ma’muriyati, o‘qituvchi va talabalari, Markaziy bank, nodavlat notijorat tashkilotlari assosiasiyasi viloyat bo‘limi, NNTlar, hududiy birlashma va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Shuning bilan birgalikda, fakul’tetda talabalar uchun Markaziy bankning Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” shiori ostida seminar trening ham tashkillandi.

Trening Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ijro apparati rahbari Raxmatjon Boboraximov hamda hududiy birlashma mas’ul xodimi G‘ayratjon Mamatkulovlar trenerligida, shuningdek Agrobank, Asakabank, Biznesni rivojlantirish banki mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilib, talabalarga moliyaviy xizmatlarning kreditlar, omonatlar, valyuta ayirboshlash, pul o‘tkazmalari, plastik kartochkalardan foydalanish, sug‘urta, lizing, brokerlik, lombardlar faoliyatiga oid masalalarda atroflicha tushuntirishlar berib o‘tilib, ularning bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirish, savodxon bo‘lishga chorlash bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishlardagi turli firibgarliklardan, kiberjinoyatlardan ehtiyot bo‘lish yuzasidan tavsiya va ko‘rsatmalar berib o‘tilib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Отправить комментарий