2024 yil davomida kelib tushgan murojaatlar tahlili || BRIFING

2024 yil davomida kelib tushgan murojaatlar tahlili || BRIFING

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi va uning tizimidagi tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan o‘tgan 2024 yilda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi.

O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi va «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunlari va Federatsiyaning ichki me’yoriy hujjatlariga asosan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, tahlil qilish natijalari bo‘yicha tegishli organlarga taqdim etish va ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish ishlari davom ettirildi.

O‘tgan yil mobaynida Federatsiyaning viloyatdagi idoralariga jami bo‘lib 898 ta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarni tegishli tartibda o‘rganib chiqilishi natijalariga ko‘ra, 1 mlrd 783 mln 521 ming 122 so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan bo‘lib, shundan 241 mln 139 ming 146 so‘mi sud idoralariga kiritilgan da’vo arizalari bo‘yicha iste’molchilar foydasiga undirilgan moddiy va ma’naviy zararlardir.

Murojaatlarning 35,3 foizi savdo masalalaridagi, 16,1 foizi gaz ta’minoti, 10,9 foizi elektr ta’minoti, yana 10,9 foizi suv ta’minoti, 7,1 foizi kommunal soha (shirkatlar), 5,3 foizi xizmat ko‘rsatish (servis) sohalariga oid masalalardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 14,3 foizi sog‘liqni saqlash, transport, aloqa (va internet) hamda iste’mol sohasiga oid boshqa masalalarda kelib tushdi.

Savdo sohasiga oid murojaatlarning eng ko‘p qismi 28,7 foizi xarid qilingan maishiy texnika vositalarida nuqsonlar aniqlanishi holatlari yuzasidan bo‘ldi.

Hisobot davrida hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlari ijro etuvchi apparatlariga Hukumat idoralaridan, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezidentga murojaat portali” va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoni orqali jami 14 ta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarning 9 tasi savdo, 1 tasi xizmat ko‘rsatish (servis), 1 tasi aloqa (va internet) va 1 tasi iste’mol sohasiga oid boshqa masalalarda bo‘lib, murojaatlar o‘z muddatlarida o‘rganib chiqilib ijobiy hal qilindi hamda buni natijasida 295 mln 879 ming 048 so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.

Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni va telegram boti orqali kelib tushgan murojaatlar soni 257 tani tashkil qilib, shularning 91 tasi savdo, 52 tasi gaz ta’minoti, 37 tasi elektr ta’minoti, 14 tasi suv ta’minoti, 18 tasi kommunal soha, 1 ta sog‘liqni saqlash, 23 tasi xizmat ko‘rsatish (servis), 1 tasi transport, 8 tasi aloqa (internet), 12 tasi boshqa sohalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlardir. Ularni o‘rganib chiqilib, hal qilib berilishi natijasida 175 mln 004 ming 967 so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Shulardan bitta murojaat nazorat qiluvchi idoralar yordamida hal qilindi.

Hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib tushgan murojaatlar soni esa 627 tani tashkil etib, ularning 455 tasi yozma, 172 tasi og‘zaki shaklda qabul qilib olingan. Shularning 217 tasi savdo masalalarida, 93 tasi gaz ta’minoti, 61 tasi elektr energiyasi ta’minoti, 84 tasi suv ta’minoti, 46 tasi kommunal soha, 8 tasi sog‘liqni saqlash, 24 tasi xizmat ko‘rsatish (servis), 5 tasi transport, 13 tasi aloqa (va internet), 76 tasi boshqa sohalar bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga olgan. Murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalari bilan 1 mlrd 071 mln 497 ming 961 so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan. Murojaatlarning 16 tasi nazorat organlari orqali hal qilingan bo‘lsa, 18 tasi sud idoralari orqali hal etilib, 241 mln 139 ming 146 so‘m moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga undirildi.

Hisobot davrida Federatsiya raisining 2017 yil 6 fevral kunidagi buyrug‘iga asosan tashkil qilingan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari faoliyati davom ettirildi. O‘tgan yilda mazkur huquqiy maslahatxonalar orqali jami 681 nafar fuqarolarga, shulardan savdo masalalarida 104 nafar, gaz ta’minotida 93 nafar, elektr ta’minoti masalalarida 81 nafar, suv ta’minoti bo‘yicha 57 nafar, kommunal xo‘jalik bo‘yicha 73 nafar, sog‘liqni saqlash masalalarida 39 nafar, xizmat ko‘rsatish (servis) sohasi 30 nafar, transport xizmatlari bo‘yicha 15 nafar, aloqa (va internet) xizmatlari bo‘yicha 21 nafar, boshqa masalalar bo‘yicha 108 nafar fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berildi. Shundan masalani ijobiy hal etish uchun davlat nazorat organlariga 12 ta va sud organlariga 1 ta murojaat yo‘naltirildi.

Federatsiya tizimida iste’molchilar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning murojaatlari bilan ishlash maqsadida federatsiyaning istemol.uz rasmiy saytidagi virtual qabulxona, telegram messenjeridagi bot hamda 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lbi, tizim tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda aholi vakillariga o‘zining iste’molchilik haq-huquqlarini himoya qilish va bu borada maslahat yordamlarini olishlari uchun Federatsiyaga murojaat qilish yo‘l-yo‘riqlari yuzasidan doimiy ravishda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Отправить комментарий