Tarmoqqa yangi ulanadigan yakka tartibdagi uy-joylar va ko‘p kvartirali xonadonlarda elektr hisoblagich kimning hisobidan o‘rnatiladi?
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi R.U.ning yangi qurib bitkazilayotgan xonadoniga elektr energiyasini hisoblash uskunasini o‘rnatish borasida yuzaga kelayotgan muammo bilan bog‘liq bo‘lgan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilingan murojaati o‘rganildi.
Murojaati o‘rganilishi jarayonida iste’molchi yakka tartibdagi uy-joyini qurib bitkazayotganligi, hozirda pardozlash ishlari yakuniga yetayotganligi, tuman elektr ta’minoti korxonasiga elektr hisoblagich o‘rnatib berish bo‘yicha murojaat qilganida ular tomonidan korxona bazasida zamonaviy elektr hisoblagich tugab qolganligi sababli hisoblagichni o‘z mablag‘i hisobidan sotib olib, o‘rnatib turish yuzasidan maslahat berilganligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.05.2024 yildagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari»ning 65-bandiga ko‘ra, maishiy iste’molchilarda o‘rnatilgan hisoblagichlarni sotib olish (elektr tarmoqlariga yangi ulanadigan yakka tartibdagi uy-joylar va ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar), o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy qiyoslovdan o‘tkazish va plombalash, shuningdek, mavjud (jumladan, EHNATga mos kelmaydigan) hisoblagichlarni almashtirish hududyi elektr tarmoqlari korxonalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, hisoblagich yakka tartibdagi uy-joylar yoki ko‘p kvartirali uylardagi xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan bir hafta muddatda uning ishtirokida HETK xodimi tomonidan o‘rnatilishi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan elektr ta’minoti korxonasi mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, iste’molchi muammosini hal etib berilishi bo‘yicha so‘rov xati kiritildi. Natijada, o‘rganish ishlari davomida iste’molchi xonadoniga zamonaviy rusumdagi elektr hisoblagich o‘rnatilishi va iste’molchi muammosini hal etilishiga erishildi.
Adxamjon Xamidov,
tuman jamiyati raisi.
Отправить комментарий