O‘lchami mos kelmagan ko‘ylak boshqasiga almashtirildi

O‘lchami mos kelmagan ko‘ylak boshqasiga almashtirildi

Quvasoy shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Al-Farg‘oniy ko‘chasida yashovchi B.N.ning buyum bozoridan xarid qilingan ko‘ylakning o‘lchami mos kelmagani sababli almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilingan murojaati o‘rganildi.

O‘rganishda ko‘ylak Farg‘ona buyum bozoridan xarid qilingani, xonadonga keltirilib qaytadan kiyib ko‘rilishi jarayonida o‘lchami mos emasligi ma’lum bo‘lgani, sotuvchi bilan kiyimni mos o‘lchamdagisiga almashtirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmaganliklari ma’lum bo‘ldi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi maqbul sifatdagi, lekin qaysidir iste’mol xususiyati (rangi, o‘lchami, fasoni va b.) mos kelmagan nooziq-ovqat tovarini 10 kunlik muddat ichida, tovar sotib olingan yerdagi sotuvchidan almashtirib olish huquqiga ega. Iste’molchi ushbu yo‘nalishdagi huquqlarini to‘laqonli amalga oshira olishi uchun tovar foydalanilmagan, shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lishi, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslari bo‘lishi kerak. Shuning bilan birgalikda, tovar «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasidagi zarur sifatda bo‘lsada, qandaydir iste’mol xususiyatlari yoqmaganligi (mos kelmaganligi) vaji bilan qaytarilmaydigan va almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxatida turmaydigan tovar bo‘lishi talab etiladi.

Iste’molchiga o‘lchami mos kelmagani sababi bilan sotuvchiga qaytarilayotgan tovar yuqoridagi talablarga javob berishidan kelib chiqqan holda sotuvchiga bu borada berilgan tushuntirishlardan so‘ng, iste’molchining qo‘lidagi tovarni xuddi shu turdagi unga o‘lchami mosiga almashtirilishiga erishildi.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

Отправить комментарий