Pensionerning birinchi pensiya puli adashining krediti uchun yechib olindi
Yozyovon tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Markaziy Farg‘ona» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi K.R.ning pensiyaga chiqqanidan so‘ng bank plastik kartasiga birinchi marta kelib tushgan 1 267 000 so‘m pulni to‘lig‘icha unga noma’lum bo‘lgan kredit qarzdorligi uchun yechib olingani to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatda uning plastik kartasiga kelib tushgan pensiya puli shu yilning 06.06.2025 yil kunida to‘lig‘icha yechib olingani, surishtirib xizmat ko‘rsatuvchi Universalbank Yozyovon filialiga borganida kredit qarzdorligi uchun yechib olinganini bilgani, lekin unda hech qanday kredit bo‘lmagani ma’lum qilinadi.
Tuman jamiyati tomonidan ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Universalbank Farg‘ona filialiga so‘rov xati kiritilib, o‘rganishlar olib borilganida, haqiqatan ham Yozyovon tumanida yashovchi K.R.ga iste’mol krediti rasmiylashtirilganligi, uning kredit to‘lovlaridan qarzdorligi borligi, lekin ismi ham, sharifi ham bir xil bo‘lgan ushbu fuqaro tumanning «Qatortol» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilishi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari davomida texnik xatolik tufayli pensioner K.R.ning bank plastik kartasidan yechib olingan 1 267 000 so‘m pul to‘lig‘icha unga qaytarildi.
Shavkatjon Saidov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)
Отправить комментарий