Burg‘ulash uskunasi nosozliklar sabab sotuvchiga qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘shtepa tumanilik A.B.ning 2 700 000 so‘mga sotib olingan burg‘u (sverlo)dagi nuqson servis markazida bir marta bepul bartaraf etib berilgan bo‘lsada, unda yana nosozliklar kuzatilayotgani, sotuvchi tomoni mazkur muammoni qonuniy bartaraf etib berilishiga sovuqqonlik bilan qarayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi so‘zlariga ko‘ra, temir buyumlarni teshish uchun ishlatiladigan burg‘u uskunasi joriy yilning mart oyi oxirlarida Qumtepa buyum bozoridan xarid qilingan bo‘lib, sotuvchi oldi-sotdi jarayonida burg‘u yordamida qanday materiallarni teshish mumkinligini rasmlarda ko‘rsatib, sifatini maqtab, undan uzoq yillar foydalanish mumkinligi haqida aytganidan so‘ng sotib olgan. Lekin uskuna oradan bir hafta o‘tiboq «ish ko‘rsatgan». Sotuvchiga nosozlik haqida aytilganida unga servis markaziga murojaat qilish tushuntirilgan. Servis markazi tomonidan aprel oyi boshlarida tuzatib berilgan burg‘u may oyiga o‘tib yana ishdan chiqqan. Iste’molchining servis markaziga bu safargi murojaatiga esa qachonki ehtiyot qismlar yetib kelsagina tuzatib berilishi aytilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kafolat muddatida topilgan nuqsonlar «qachonki ehtiyot qismlar yetib kelsa» emas, balki sotuvchi tomonidan iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi tomonidan esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etilishi lozim. Aks holda, iste’molchining qonuniy talabini bajarish kechiktirilgan har bir kun uchun, shuningdek, nuqsonlarni bartaraf etishning shartnomadan kelib chiqadigan muddatlaridan ortiq kechiktirilgan har bir kun uchun sotuvchi tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga neustoyka (penya) to‘laydi.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida qonunning mazkur talablari sotuvchiga tushuntirilganidan so‘ng, sotuvchi tomoni nuqsonli tvoarni qaytarib olish va iste’molchiga 2 700 000 so‘m pulini qaytarib berish yuzasidan qaror qabul qildi. Iste’molchiga pul mablag‘i to‘lig‘icha qaytarilib, uning qonuniy huquqlari tiklab berildi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)
Отправить комментарий