Uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim
Ba’zida tovarlar oldi-sotdisi jarayonlarida, xususan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar savdosida ayrim sotuvchilardan «Ushbu tovarga kafolat muddati belgilanmagan, hohlasangiz olasiz, bo‘lmasa yo‘qda» qabilidagi sovuq muomalani va hattoki, «Tovarning kafolati muddati meni oldimdan uzoqlashishingiz bilan tugaydi», qabilidagi kinoyaomuz so‘zlarni ham eshitib qolamiz. Bunday muomalaga duch kelgan va bu boradagi qonunchilikdan yaxshi xabardor bo‘lmagan odam «Reklamalardagi shuncha gap-so‘z qayoqqa ketdi unda», deb taajublanishi yoki «Sotib olib tavakkal qilib ko‘ramanda», deb tovarni tavakkaliga sotib olishi ham mumkin.
Maqola sarlavhasiga e’tibor qiling, biz bejizga uni shunday nomlamadik. Ushbu jumlalar maqolaga chiroyli nom qo‘yish uchun o‘ylab topilmagan, balki bu qonunchilik normasidir. O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni ochib ko‘rib, uning 11-moddasi birinchi qismi shunday norma bilan boshlanganiga o‘zingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin.
Yana bir holat. Afsuski, ayrim sotuvchilar xaridorga mazkur tovarga kafolat muddati belgilanmagan deb aytsam keyinchalik bo‘lishi mumkin bo‘lgan bosh og‘riqlaridan xalos bo‘laman, deb o‘ylaydi va adashadi. Sababi yuqoridagi qonunning 13-moddasida iste’molchiga sotilgan tovarda nuqson aniqlansa va agar mazkur nuqsonlar kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida aniqlansa, iste’molchi bu boradagi qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara olishi mumkinligi haqidagi norma mavjud.
Xuddi shunday holatlardan biriga Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi T.M.ning murojaatini o‘rganish jarayonida unga tovar shartnoma qiymatini 12 oy davomida bo‘lib to‘lash shartlarida «Vodiy Bright Star» MChJ tomonidan 16.07.2025 yil kunida sotilgan kichik hajmdagi yuklarni tashishga mo‘ljallangan motorollerda yuzaga kelgan nuqsonni bepul bartaraf etib berish yuzasidan Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan kiritilgan so‘rov xatiga ushbu MChJdan olingan javob xatida ham duch kelindi. Jumladan, xatda «…shartnoma tuzishda kafolat berilmasligi to‘liq tushuntirilgan…», «… aytgan bo‘lishiga qaramay ushbu mahsulotni tegishli mutaxassislar tomonidan tekshirib, nuqsoni barataraf etib berilganligini ma’lum qilamiz.» kabi jumlalar ham mavjudki, bu sotuvchi tomonining qonun 13-moddasi normalaridan biroz bexabarligini ko‘rsatadi.
Mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijalari bilan iste’molchi tomonidan xarid qilingan motorollerda yuzaga kelgan nuqson sotuvchi tomonidan bartaraf etilib, yuzaga kelgan holatda iste’molchi huquqi ta’minlab berilgan bo‘lsada, ushbu holatdan boshqa sotuvchilar ham o‘zlari uchun to‘g‘ri xulosalarni chiqarib oladilar, deb o‘ylaymiz.
Xusniddin Latipov,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий