Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida maxsus vakolatga ega davlat organi bilan hamkorlikda muhim ijtimoiy masalalarda o‘rganishlar o‘tkazib borilmoqda

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida maxsus vakolatga ega davlat organi bilan hamkorlikda muhim ijtimoiy masalalarda o‘rganishlar o‘tkazib borilmoqda

O‘zbekiston Respublikasining Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Mazkur Qo‘mita va Federatsiya o‘rtasidagi hamkorlik bitimi asosida uning viloyatdagi hududiy boshqarmasi va hududiy birlashma o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ichki bozorda sotilayotgan iste’mol tovar (ish, xizmat)lari sifati va xavfsizligini amaldagi qonunchilik talablariga mos kelishi yuzasidan o‘tkazilayotgan turli kuzatuv (o‘rganish)lar, xususan davlat va xususiy tibbiyot korxonalari tomonidan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish shular jumlasidandir.

Hududiy boshqarma so‘rovi asosida o‘tkazilgan so‘nggi o‘rganish ishlari doirasida xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning ularning lisenziyasida ko‘rsatilgan faoliyat turlariga mosligi, o‘z faoliyatlarini reklama qilish yoki targ‘ib qilinishi uchun joylashtirilgan tashqi reklama va yozuvlarning tegishli talablarga javob berishi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi holatlari kuzatuvdan o‘tkazildi.

Tanlama asosda, viloyat hududida shu turdagi faoliyat turini amalga oshirib kelayotgan 101 ta xususiy tibbiyot tashkilotlarini kuzatuvdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, 1 ta holatda vaqtincha faoliyat ko‘rsatilmayotganligi, yana 1 ta holatda lisenziyaning amal qilish muddati tugaganligi sababidan bino boshqa turdagi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektga ijaraga berib qo‘yilganligi, 2 ta holatda lisenziya olinmasdan faoliyat boshlab yuborilganligi,1 ta holatda lisenziya dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish uchun berilgan bo‘lsada, qo‘shimcha boshqa tibbiy xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati olib borilayotganligi kabi holatlar qayd qilindi. Qolgan tibbiyot tashkilotlarida lisenziyasidan tashqari faoliyat turlarini amalga oshirish holatlari kuzatilmadi.

Shu o‘rinda, o‘rganishlar jarayonida amaldagi «Iste’molchilaring huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 5 va 6-moddalariga muvofiq xizmat ko‘rsatuvchi o‘zi haqida, shuningdek o‘zi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumotlarni joylashtirishi va berishi shartligi belgilab qo‘yilgan, mazkur ma’lumotni tadqim qilishning qulay usullaridan biri «Iste’molchi burchagi» (yoki «Axborot burchagi (oynasi)») tashkil qilish va uni, masalan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot binosining ichki qismi devoriga joylashtirish hamda unga tashkilot guvohnomasi, lisenziyasi nusxalari, xizmat preyskurantlari, xizmat ko‘rsatish qoidalari kabi ma’lumotlarni qo‘yib qo‘yish bo‘lsada, ko‘pincha mazkur axborot beruvchi burchaklar (oyna)larning zaruriy ma’lumotlar bilan to‘ldirilmasligi, bo‘sh turganligi yoki sanab o‘tilgan hujjatlar nusxalari qo‘yib qo‘yilmasligi holatlari ham kuzatilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Bo‘lishi qonun talabi bo‘lgan mazkur hujjatlardan nusxalarni yashirish, ularni iste’molchilar e’tiboriga havola etilmasligi yoki «So‘raganlarga, albatta, ko‘rsatyapmiz», «Rahbarning seyfida edi» qabilidagi bahonalar esa hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Yana o‘rganish natijalariga qaytsak, albatta, har qanday tashkilot, ayniqsa xususiy biznes sektoridagi tashkilotlar o‘z faoliyatlarini reklama qilish yoki targ‘ib qilinishi uchun tashqi reklama va yozuvlardan keng foydalanadi. Biroq amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mazkur reklama va yozuvlar tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda, ularga reklama joyi pasporti rasmiylashtirilishi kerak. O‘rganishda 14 ta holatda xususiy tibbiyot tashkiloti binosidan alohida joyga reklama va yozuvlar joylashtirilganligi, shundan 13 ta holatda reklama joyi pasporti rasmiylashtirilmaganligi qayd qilindi.

O‘rganuv davomida mijozlardan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish holatlari kuzatilmadi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotnoma Raqobat boshqarmasiga kiritildi.

(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)

Отправить комментарий