Chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmati tomonidan to‘lov noto‘g‘ri hisoblanishi holati bartaraf qilindi
Bugungi kunda Federatsiya tizim tashkilotlariga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar soni kam emas. Mazkur murojaatlar ichida chiqindilarni belgilangan grafik asosida olib chiqib ketilmasligi, bu bilan iste’molchilarga belgilangan hajmlarda xizmatlar ko‘rsatilmaganligi, to‘lovlarni undirishda mazkur holatni hisobga olinib, qayta hisob-kitoblar o‘tkazilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ralganlari salmoqlisini tashkil qilsada, to‘lov miqdori xonadonda haqiqatda yashovchilar soniga mos bo‘lmagan tarzda belgilangani xususida ham murojaatlar kelib turibdi.
Xususan, Rishton tumani «Uchariq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.A.ning Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatida ham ushbu masala ko‘tarilgan. Rishton tuman jamiyati tomonidan iste’molchining o‘g‘li 2023-o‘quv yilidan Koreya Respublikasiga o‘qishga ketganligi, qizini 2024 yilda turmushga berganliklari, lekin chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan to‘lovlarni undirishda ushbu holatni hisobga olinmaganligi, to‘lovni xonadonda haqiqatda yashovchilar soniga proporsional ravishda undirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganilib, xizmat ko‘rsatuvchi — «Agro Rishton ta’mir servis» MChJ tomonidan tegishli qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi.
Shu o‘rinda iste’molchilarga «Jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy ommaviy shartnoma»da:
— mulk egalari tomonidan Sanitar tozalash markaziga yoki uning tuman (shahar)ga biriktirilgan vakillariga ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uylarda haqiqatda istiqomat qilayotgan shaxslar yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lov undirilmasligi bo‘yicha norma mavjudligini;
— iste’molchilar uchun ham o‘zlarining mulki bo‘lgan ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uylarda propiska qilingan (shu jumladan, vaqtincha propiska qilingan) yoki haqiqatda istiqomat qiluvchi shaxslar soni o‘zgarganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning noto‘g‘riligi va ularni o‘z vaqtida taqdim etmaslik yuzasidan javobgarlik mavjudligini unutmasliklari lozimligini eslatib o‘tamiz.
Xusniddin Latipov,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий