Oziq-ovqat mahsuloti qanday holatlarda sotuvchiga qaytarilishi mumkin?
Avvalo shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, u haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan, shuningdek nuqsonli har qanday turdagi, ya’ni oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari sotuvchiga qaytarilishi mumkin.
Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, maqbul sifatda bo‘lgan tovarlarni sotuvchiga qaytarishda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari o‘rtasida farq bo‘lib, maqbul va zarur sifatda bo‘lgan, amaldagi talab va me’yorlarga javob beruvchi oziq-ovqat tovarlarini xarid qilingandan keyin sotuvchiga qaytarib bo‘lmaydi. Nooziq-ovqat tovarlarini esa maqbul sifatda bo‘lsa ham, qandaydir iste’mol xususiyati (rangi, o‘lchami, fasoni va b.) yoqmaganligi yoki mos kelmaganligi vaji bilan sotuvchiga qaytarish mumkin. Faqatgina mazkur nooziq-ovqat tovari «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida keltirilgan «Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati»da bo‘lmasligi talab qilinadi.
Demak, oziq-ovqat mahsulotini sotuvchiga qaytarish uchun u haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan, shuningdek nuqsoni bo‘lishi kabi shartlardan biri yoki bir nechasi bo‘lishi talab qilinadi. Bu kabi nuqsonlari mavjud (yoki keyinchalik aniqlangan) oziq-ovqat tovari esa sotuvchiga 24 soat ichida qaytarilishi mumkin.
Shu o‘rinda, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda, tovar yorlig‘ida u haqida kerakli ma’lumotlar berilganligi, ya’ni mahsulotni ishlab chiqaruvchi (tayyorlovchi) nomi, manzili, aloqa ma’lumotlari, ishlab chiqarilgan (tayyorlangan) sanasi, yaroqlilik (saqlash) muddatlari, mahsulotning tarkibi (ingridientlari) va boshqa shu kabi zaruriy ma’lumotlarni bo‘lishiga e’tibor qaratish muhimligini eslatib o‘tamiz.
Отправить комментарий