Hisoblashdagi xatoliklar oqibatida iste’molchidan 752 000 so‘m ortiqcha to‘lov undirib olingan
Vazirlar Mahkamasining 06.02.2019 yildagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan «Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalari»ning 32-bandiga ko‘ra, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha iste’molchilarga xizmatlar ko‘rsatish jarayonida hisoblashda xatolarga yo‘l qo‘yilganda (to‘lov summasi noto‘g‘ri hisoblanganda, yagona elektron tizimida yoki to‘lov hujjatlarida arifmetik xatoga yo‘l qo‘yilganda, yagona elektron tizimi, to‘lov va buxgalteriya hujjatlaridagi boshqa xatoliklarda) xizmatlar uchun to‘lovlarni qayta hisob-kitob qilish amalga oshiriladi.
Farg‘ona tumani «Birdamlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi D.I. ning Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatini tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida hududga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan xuddi shunday xatoliklardan biriga yo‘l qo‘yilganligi, oqibatda xizmat ko‘rsatuvchi korxona qarzdorlikni undirish vaji bilan MIB vositasida iste’molchidan 752 000 so‘m ortiqcha haq undirib olganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari jarayonida mazkur mablag‘ summasini iste’molchining shaxsiy hisob raqamiga qaytarilib, unga korxona xizmatlari bo‘yicha shuncha miqdorda haqdorligi ma’lum qilindi.
Lekin shu o‘rinda, bu kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi, bugungi kunda, nafaqat iste’molchini xatoliklarni to‘g‘rilatish yo‘lidagi ortiqcha ovoragarchiliklariga sabab bo‘ladi, balki elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklanishiga olib kelishi, natijada u elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshira olmasdan tarmoqdan uzib qo‘yilishiga ham sabab bo‘lishini unutmaslik kerak. Agar shunday holat kuzatilsa nima qilish kerak?
Yuqorida nomi zikr etilgan Qoidalarning 32 prim 2 va 32 prim 3-bandlariga ko‘ra, iste’molchi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni hisoblashda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatoliklar oqibatida elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishda vaqtinchalik cheklov amaliyoti qo‘llanilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplab berish to‘g‘risida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga yozma, elektron yoki og‘zaki shaklda ariza bilan murojaat qilishi va mazkur amaliyotni qo‘llanishi natijasida yetkazilgan zararni sud tartibida undirib olishi mumkin.
Abror Isaqov,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий