Qo‘shnisiniki bilan almashib qolgan hisob raqami to‘g‘rilandi

Qo‘shnisiniki bilan almashib qolgan hisob raqami to‘g‘rilandi

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga ko‘ra, iste’molchilarning xonadonlariga elektr hisoblagichlarini o‘rnatish va ularni yangilash ishlari hududiy elektr tarmoqlari korxonalari zimmasiga yuklatilgan. Amaldagi normativ hujjatlarda, jumladan, “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”da ushbu jarayon iste’molchidan qo‘shimcha to‘lov talab qilinmagan holda, to‘liq korxona hisobidan bajarilishi belgilangan. Bu esa aholining qulayligi va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim mexanizmdir.

Toshloq tumanida yashovchi iste’molchi U.Q. xonadonida yuzaga kelgan vaziyat mazkur qoidalarga amal qilinishi zarurligini amalda yana bir bor ko‘rsatdi. Uning ta’kidlashicha, xonadonidagi elektr hisoblagichni yangilash jarayonidan so‘ng “HET billing” dasturida uning hisob raqami qo‘shnisining raqami bilan almashib qolgan. Natijada to‘lovlarni shakllantirishda chalkashliklar, ortiqcha e’tirozlar va noqulayliklar paydo bo‘lgan. Tuman elektr ta’minoti korxonasiga qilgan murojaatlaridan kutilgan natija bo‘lavermagach, iste’molchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Tuman jamiyati tomonidan murojaat asosida elektr ta’minoti korxonasiga rasmiy so‘rov yuborilib, holat chuqur o‘rganildi. Tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, eski rusumdagi hisoblagichni ASKUE tizimiga mos yangi hisoblagichga almashtirish jarayonida iste’molchi hisob raqami tasodifan qo‘shnisiniki bilan almashib ketgan. Olib borilgan choralar natijasida iste’molchi xonadoniga ASKUE tizimiga mos bo‘lgan hisoblagich o‘rnatib berildi va hisob raqami to‘g‘rilandi. Natijada iste’molchi duch kelgan muammo to‘liq bartaraf etildi.

Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий