Gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqda

Gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqda

Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar orasida gaz ta’minotiga oid muammolar ham alohida o‘rin tutadi. Jamiyat mutaxassislari har bir murojaatni o‘z muddatida o‘rganib, mas’ul idoralar bilan hamkorlikda amaldagi qonunchilik doirasida hal etishni ta’minlab kelmoqda.

Jumladan, shaharning Po‘stindo‘z ko‘chasida istiqomat qiluvchi S.R.ning o‘z xonadonida o‘rnatilgan gaz hisoblagich xizmat ko‘rsatuvchi korxona dasturi bilan aloqa muammosi yuzaga kelgani bo‘yicha murojaati o‘rganilgan. Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayoniga mas’ul mutaxassislar jalb etildi. Olib borilgan ishlar natijasida hisoblagichdagi texnik nosozlik bartaraf etildi va uskunaning to‘liq soz holda ishlashi ta’minlandi.

Shuningdek, Xudoychi ko‘chasida yashovchi X.M.dan hudud orqali o‘tgan gaz tarmog‘ida nosozlik paydo bo‘lib, gaz sizib chiqish holati kuzatilayotgani haqida murojaat qoldirgan. Fuqaroning ta’kidlashicha, ushbu xavfli holatga mas’ul xizmatlar yetarlicha e’tibor qaratmagan. Murojaat asosida jamiyat mutaxassislari va soha xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Natijada, Dang‘ara-2 Qo‘qon aholi 4-tarmog‘i hududida aniqlangan nosozlik qisqa fursatda bartaraf etildi.

Gaz ta’minotiga oid muammolar aholi xavfsizligi va hayotiy sharoitlari bilan bevosita bog‘liqdir. Shu bois Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyati har bir murojaatni e’tibor bilan ko‘rib chiqib, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, mavjud muammolarni tezkor hal etishga ustuvor vazifa sifatida yondashmoqda. Murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganilib, amaliy yechim topish ishlari kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

Alisher Raximov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий