Mediasiya kelishuvi nizoni sudda ko‘rmasdan hal qilish imkonini berdi

Mediasiya kelishuvi nizoni sudda ko‘rmasdan hal qilish imkonini berdi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘shtepa tumanilik iste’molchi L. A.ning o‘zi tomonidan olingan kredit mablag‘i uchun amalga oshirgan to‘lovi ikki marta boshqa hisob raqamga o‘tib qolganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganilib, uning natijalari yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan edi. Lekin sud boshlanishi jarayonida javobgar tomoni kiritgan iltimos va uni da’vogar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishi masalani sudda ko‘rmasdan mediativ kelishuv yo‘li bilan hal qilinishiga imkoniyat yaratib berdi. Shundan so‘ng tomonlar Mediasiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladilar.

Kelishuv da’vogar — iste’molchi L.A. va javobgar — AT Xalq banki Marg‘ilon shahar bank xizmatlari markazi rahbari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng imzolandi. Mediasiya kelishuvini tuzishda uning uchinchi tomoni bo‘lib, iste’molchi manfaatlari himoyasini ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritgan Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati nomidan ish ko‘ruvchi xodimi B.U. noprofessional mediator tarzida ishtirok etdi hamda o‘z imzosi bilan tasdiqladi.

Kelishuvga ko‘ra, javobgar tomoni iste’molchidan yuzaga kelgan holat uchun uzr so‘radi va unga yetkazilgan zarar summasi — 850 000 so‘mni iste’molchiga qaytaradigan, iste’molchi esa da’vosidan voz kechadigan bo‘ldi. Shu yo‘l bilan nizoni uzoq davom etadigan sud jarayonlarisiz, o‘zaro maqbul qaror vositasida hal qilishga erishildi.

Ma’lumot uchun:

O‘zbekiston Respublikasining 03.07.2018 yildagi «Mediasiya to‘g‘risida»gi O‘RQ-482-son qonunining «amal qilishi fuqarolik huquqiy munosabatlardan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan, mijoz va bank (kredit tashkilotlari) o‘rtasidagi munosabatlardan, sug‘urta shartnomasidan yuzaga keladigan munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga, mehnat va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediasiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.»

Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий