Hisob-kitobdagi xatolik iste’molchi murojaati bilan bartaraf etildi

Hisob-kitobdagi xatolik iste’molchi murojaati bilan bartaraf etildi

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotuvchi o‘zi tomonidan realizasiya qilinayotgan tovar narxi (tarifi) va sotib olish shartlarini oldindan ma’lum qiladi va bu holat tovarga qo‘yilgan narxnomada hamda uni sotilishi bilan bog‘liq hujjatlarda aks etadi. O‘z navbatida iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega. Agar ushbu jarayonda qonunchilikka nomuvofiqliklar bo‘lsa, iste’molchi o‘z huquqlaridan foydalangan holda, sotuvchi oldiga o‘z qonuniy huquqlaridan kelib chiquvchi talablarni qo‘yishi mumkin.

Bugungi kunda ko‘plab iste’molchilar uchun eng muhim narsalardan biri bu qish mavsumida xonadonlarini isitish uchun ko‘mir yoqilg‘isi sotib olishdan iborat. Yozyovon tumanida yashovchi N.I. xonadonida ishlatish uchun ko‘mir yoqilg‘isini har bir kilogrammini 1 800 so‘mdan xarid qilgach uning hujjatlardagi narxi aslida 1 500 so‘mdan ko‘rsatilganligi bo‘yicha sotuvchi vakili S.B.ga o‘z e’tirozini bildirgan, biroq sotuvchi vakili narxnomada ko‘rsatilgan narx eski narxligi, u oshganligini aytib, yoqilg‘ining har bir kilogrammi uchun 1 800 so‘mdan pul olib ketgan. Shundan so‘ng iste’molchi ushbu holat yuzasidan Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qilgan.

Ushbu murojaat o‘rganilishi jarayonida ko‘mir mahsulotlarini sotuvchi tashkilotda 3 xil tur va narxdagi ko‘mirlar sotuvga qo‘yilganligi, sotuvchi vakili iste’molchidan bir turdagi ko‘mirni pulini olishda boshqa turdagi ko‘mir narxi bilan chalkashtirib yuborib, hisob-kitobda xatolikka yo‘l qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi. Sotuvchi tomoni ushbu holat uchun iste’molchidan uzr so‘rab, ortiqcha olingan pul summasini iste’molchiga qaytarib, yuzaga kelgan muammoni hal qildi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu holat amaldagi qonunchilikka rioya etish, ayniqsa tovar narxi va sotish shartlarining ochiq-oydin ko‘rsatilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Iste’molchining o‘z huquqlarini bilishi va qonunbuzarlikka befarq bo‘lmasdan tegishli tashkilotga murojaat qilishi natijasida adolat tiklanib, ortiqcha olingan mablag‘ qaytarildi. Bu esa sotuvchilar uchun mas’uliyatni oshirish, iste’molchilar uchun esa o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish imkoniyati mavjudligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий