Shartnoma shartlarining ijrosi ta’minlandi
Sug‘urta shartnomasi – bu sug‘urta qildiruvchi (shaxs yoki tashkilot) va sug‘urtalovchi (sug‘urta kompaniyasi) o‘rtasida tuziladigan yozma kelishuv bo‘lib, unda sug‘urta qildiruvchi muayyan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga, sug‘urta hodisasi yuz berganda, sug‘urtalovchidan kelishilgan sug‘urta tovonini olish huquqiga ega bo‘ladi va bu tovon qonun yoki shartnomada belgilangan shartlarga ko‘ra to‘lanadi. Farg‘ona shahrida yashovchi R.R.ning qo‘lidagi shartnomaga ko‘ra ham sug‘urta hodisasi yuz bergan, lekin unga tegishli pul mablag‘ini berish ishlari kechiktirib yuborilgan.
Ushbu holatni yuzaga kelishiga esa iste’molchi tomonidan kreditga avtomashina sotib olinishi va o‘zining sa’y-harakatlari bilan kredit bo‘yicha to‘lovlarni muddatidan oldin to‘liq so‘ndirganligi va kelishuvga ko‘ra bunday holatda sug‘urta kompaniyasidan unga muayyan summa qaytarilishi lozimligi sabab bo‘lgan.
Murojaat Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida iste’molchi tomonidan keltirilgan vajlarga aniqlik kiritib olingach, sug‘urta kompaniyasi mas’ullari bilan bog‘lanildi. Ushbu jarayonda olib borilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari esa samarasiz ketmadi, sug‘urta kompaniyasi iste’molchining bank plastik kartasiga tegishli summani tushirib berdi.
— Sug‘urta kompaniyasi tomonidan 13 oydan beri berilmay kelayotgan pul bilan bog‘liq masalani 2 ish kunida hal qilib, haqqimni undirib berilishida faol yordam ko‘rsatganlari uchun jamiyat mutaxassislariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, — deydi iste’molchi R.R. murojaatini o‘rganish yakunlaridan qoniqish hosil qilib, shahar jamiyatiga bergan Tashakkurnoma xatida.
Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий