Boshqa abonent hisob raqami ham birikib qolgan iste’molchi va iste’mol hisob-kitobi boshqa viloyatda yuritilayotgan hisoblagich

Boshqa abonent hisob raqami ham birikib qolgan iste’molchi va iste’mol hisob-kitobi boshqa viloyatda yuritilayotgan hisoblagich

Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘qon shahrida yashovchi S.A. ning chiqindi tashish xizmatlarida yuzaga kelgan qarzdorlikdan norozi bo‘lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi. Murojaatni mazkur tuman jamiyati tomonidan o‘rganilishining sababi iste’molchi istiqomat qiladigan hudud ilgari tuman hududida bo‘lib, keyinchalik Qo‘qon shahriga qo‘shilganligi bilan izoxlanadi.

O‘rganishda iste’molchi nomiga 2 ta kadastr raqam birikib qolganligi, buning oqibatida chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatilishi yo‘nalishida uning nomiga rasmiylashtirilgan 1061…..38 abonent raqami bo‘yicha 489 280 so‘m qarzdorlik, 1061…..02 hisob raqami bo‘yicha esa 646 820 so‘m qarzdorlik hisoblanganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari ikkinchi hisob raqam unga noto‘g‘ri birikib qolganligi sababli, xatolik to‘g‘rilanib, mazkur qarzdorlik uning zimmasidan soqit qilinishini, birinchi (real) hisob raqam bo‘yicha unga hisoblangan qarzdorlik summasiga esa hududning Qo‘qon shahriga qo‘shilishi bilan xizmat ko‘rsatuvchining o‘zgarganligi va u tomonidan haqiqatda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmidan kelib chiqib, qarzorlik summasining asosli yoki asossiz ekanligiga aniqlik kiritilishini ko‘rsatib berdi.

Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shaharning To‘g‘onboshi ko‘chasida yashovchi B.B.ning murojaatini o‘rganish jarayonida esa yana bir qiziq holatga duch kelindi. Iste’molchi murojaatida unga nisbatan iste’mol qilingan tabiiy gaz to‘lovlari bo‘yicha 795 000 so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi, kamiga qarz ustiga qarz qo‘shilib, umumiy da’vo summasi 4 181 000 so‘mga yetganligini, mazkur masalaga aniqlik kiritilib, unga amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

O‘rganish ishlarida esa iste’molchining xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagich uskunasi boshqa viloyat tabiiy gaz iste’molchilari hisob-kitobini yurituvchi «Billinggaz» dasturiga biriktirilgan bo‘lib chiqqan. Hozirda gaz idorasi tomonidan tegishli hujjatlar tayyorlangan hamda aniqlik kiritish va hisoblagichni dasturga to‘g‘ri yo‘naltirish uchun yuqori turuvchi tashkilotiga taqdim etilib, jarayon davom etayotganligi yuzasidan iste’molchiga tushuntirishlar berilgan.

Sardor Mirzajonov,
Rasuljon Ulmasov,
Uchko‘prik va Qo‘qon shahar jamiyatlari raislari.

Отправить комментарий