Bitta to‘lovning ikki qayta to‘lanishi holati bartaraf qilindi

Bitta to‘lovning ikki qayta to‘lanishi holati bartaraf qilindi

«Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalari»ning 31-bandiga asosan, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlarning qayta hisob-kitobi amalga oshiriladigan holatlardan biri doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan shaxslar soniga belgilangan tartibda tuzatishlar kiritilishi holati bo‘lib, iste’molchi doimiy yashash yoki vaqtincha turar joyida vaqtincha bo‘lmaganligi yoki doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarilganligining hujjatlar bilan tasdiqlangan davri uchun maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarga haq to‘lash majburiyatlaridan to‘liq ozod bo‘lish huquqiga ega. O‘z navbatida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning majburiyatlaridan biri iste’molchilarning ma’lumotlar bazasini muntazam ravishda yangilab borishdan iboratdir.

Aks holda, oiladagi a’zolari sonidagi o‘zgarishlar: farzandini turmushga berish, farzandlarga uy-joy xarid qilib, ularning ro‘zg‘orini boshqa qilish, oila a’zosining uzoq muddatga o‘qish yoki ishlash uchun ketishi, xarid qilingan xonadonda hech kim yashamasligi va boshqa shu kabi holatlarda to‘lovlarni hisoblashda noaniqliklar yuzaga kelishi yoki bitta iste’molchi uchun ikki joyda hisob yuritilishi holatlari yuzaga kelishi mumkin. Shunday holatlardan biri Farg‘ona shahrida kuzatilgan.

Xonadonida 8 kishi istiqomat qiladigan iste’molchi Q.S. shaharning Qirguli dahasidagi ko‘p kvartirali uylardan birini xarid qilganidan so‘ng, qishning sovuk kunlarida bunday xonadonlarda keksalar uchun kerakli sharoitlar mavjudligini inobatga olib uning ota-onasi ushbu xonadonga ko‘chib borib yashay boshlagan. Lekin keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, chiqindilarni olib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarni hisoblashda xonadon a’zolarining soni 2 taga kamayganligi o‘z vaqtida bazaga kiritilmasligi oqibatida Q.S.ning xonadoni bo‘yicha to‘lovlarni 8 kishiga hisoblab borilaverishiga sabab bo‘lgan.

Iste’molchining bu borada O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilgan murojaatini Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi davomida Q.S. xonadonida to‘lovlarni 8 kishiga, yangi xonadonda 2 kishiga hisoblanishi bitta to‘lovning ikki qayta to‘lanishi holatini keltirib chiqarayotganligi qayd qilinib, Q.S. xonadonidan 2 nafar oila a’zosini hisobdan chiqarish yo‘li bilan qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi hamda yuzaga kelgan noto‘g‘ri qarzdorlik bartaraf qilinishiga erishildi.

Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий