Sudlarga da’vo arizalari kiritilishi natijalari yuzasidan brifing
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Marg‘ilon shahar jamiyati tomonidan 2025 yil davomida iste’molchilar murojaatlari asosida sudlarga da’vo arizalari kiritilishi natijalari
Assalomu alaykum,
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 29-moddasiga asosan, iste’molchilarning huquqlari buzilgan taqdirda, ular sudga murojaat qilishga haqlidirlar. Da’volar, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Iste’molchilar o‘z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati qonunning mazkur normalari bilan yaratib berilgan huquq va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, o‘tgan 2025 yilda shahar jamiyatiga kelib tushgan 183 ta murojaatlarni o‘rganish doirasida nizolarni to‘laqonli hal etishning imkoni bo‘lmagan 19 ta holat bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritdilar.
Kiritilgan da’vo arizalarini sudlarda ko‘rib chiqilishi natijalari bo‘yicha iste’molchilar foydasiga 385 mln 912 ming 534 so‘m moddiy va ma’naviy zararlarni undirilishiga erishildi.
Da’vo arizalarining 9 tasi kommunal idoralar (bu o‘rinda ichimlik suvi va issiqlik energiyasi yetkazib berish) xizmatlari, 4 tasi boshqaruv servis kompaniyalari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmatlari, 2 tasi bank, 1 tasi sug‘urta xizmatlari, 1 tasi ta’lim sohasi, 1 tasi qurilish va 1 tasi savdo masalalarida yuzaga kelgan nizolarni qonuniy hal etish choralarini ko‘rish maqsadida kiritilgan.
Misollarga to‘xtalsak:
Farg‘ona shahrida yashovchi iste’molchi Karimovaning ko‘p qavatli uyning yuqori qavatida joylashgan xonadoniga tom qismidan suv o‘tishi natijasida unga yetkazilgan 9 149 120 so‘m zarar ushbu masalaga mas’ul bo‘lgan Boshqaruv servis kompaniyasidan undirildi.
Marg‘ilon shahrilik iste’molchi Xalilova xonadoniga nisbatan ichimlik suvi ta’minoti korxonasi mas’ul xodimi tomonidan noto‘g‘ri ma’lumot berilishi oqibatida kelib chiqqan 1 200 000 so‘m noreal qarzdorlik bartaraf qilib berildi.
Yana shahrimizda istiqomat qiluvchi iste’molchi Begmatovaning mebel jamlamasi uchun to‘lagan 8 605 500 so‘m puli mahsulotni o‘z vaqtida yetkazib berilmagani vaji bilan mebel ustasi Madraximovdan qaytarib olib berildi.
Marg‘ilon shahrida yashovchi iste’molchilar Nigmatullayeva, Aleksandrovskaya, Abduraxmonov va Qorabayevalarning tasarrufida bo‘lgan xonadonlarga issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan ko‘rsatilmagan xizmat, ya’ni yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi hisobidan yuzaga kelgan noreal qarzdorlik summalari sud qarori bilan bartaraf qilindi.
Qo‘shtepa tumanilik iste’molchi Axmedova hamda Farg‘ona shahrida yashovchi iste’molchi Xoshimovalarning bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida duch kelgan muammolarini sud qarorlari bilan hal etib berishga erishildi.
Ushbu misollarni yana davom ettirish mumkin.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati joriy yilda ham O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni normalarining buzilishi holatlari yuzasidan aholi vakillarimizdan kelib tushayotgan murojaatlarni samarali hal qilish, aholining bu boradagi huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish borasidagi ishlarni tizimli asosda davom ettirmoqda.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
Brifing spikeri: I.Abduraximov — Marg‘ilon shahar jamiyati raisi



Отправить комментарий