Suv ta’minoti sohasidagi asoslanmagan qarzdorliklar bartaraf etilmoqda
Avvalroq e’lon qilingan xabarlarda kommunal idoralarning, xususan ichimlik suvi va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralarning rasmiy saytlarida har bir abonent uchun shaxsiy kabinetlar tashkil qilinganligi, iste’molchi ushbu kabinetlarga vaqti-vaqti bilan kirib, o‘z ko‘rsatkichlarini nazoratini olib borishi mumkinligi, lozim o‘rinlarda xonadonidagi hisoblagich ko‘rsatkichlarini bazaga kiritib borishi bilan hisob-kitoblarda turli tushunmovchiliklar kelib chiqishini oldini olishi mumkinligi haqida ma’lumotlar berib o‘tgan edik. Lekin joylarda iste’molchilar tomonidan bu kabi xabarlarga e’tiborsizlik bilan qarash holatlari hali-hanuz uchrab turibdi. Natijada bu holat iste’molchilar shaxsiy hisob raqamlarida asoslanmagan qarzdorliklar yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Farg‘ona shahrida yashovchi iste’molchi J.A.ning Federatsiyani 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganilganda xuddi shunday holatlardan biriga duch kelindi. Iste’molchi murojaatida xonadonga joriy yilning yanvar oyida ko‘chib kirganligi, xonadonning oldingi egasi tomonidan ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlar ortiqchasi bilan to‘lab qo‘yilgan bo‘lsada, oradan bir oy o‘tmasdan 459 919 so‘m qarzdorlik mavjudligi haqida xabar topgani ma’lum qilinadi.
Murojaatni o‘rganish ishlari davomida olib borilgan qayta hisob-kitob ishlari iste’molchida qarzdorlik mavjud emasligini, aksincha shaxsiy hisob raqam oldindan to‘lovdaligini ko‘rsatdi. Qarzdorlikning yuzaga kelishiga esa iste’molchi (xonadonning sobiq egasi) tomonidan uzoq vaqt davomida Billing bazaga hisoblagich ko‘rsatkichlari kiritib borilmaganligi, bunda holatlarda baza o‘rtacha iste’mol ko‘rsatkichlarini kiritib borishi sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi.
Shunga o‘xshash holatlardan yana biri shahrimizda istiqomat qiluvchi iste’molchi N.A.ning Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatini o‘rganilishi davomida ham kuzatilgan. Iste’molchiga SMS xabarnoma tarzida kelgan qarzdorlik summasini o‘rganish ishlari davomida olib borilgan qayta hisob-kitob ishlari natijasida asoslanmagan qarzdorlik deb topilib, bartaraf qilingan hamda unga iste’molchiga ichimlik suvi va oqava suv xizmatlari to‘lovlari bo‘yicha qrazdorligi mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Shu o‘rinda, aholimiz vakillariga bugungi axborot asrida Hukumatimiz tomonidan iste’molchilarga yaratilayotgan qulayliklardan o‘z o‘rnida va samarali foydalanib borishlarini, bu bilan iste’mol sohasida yuzaga kelayotgan turli muammolarni oldini olishlari mumkinligini eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz.
Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий