Nuqsonli televizor muammosi bartaraf etildi

Nuqsonli televizor muammosi bartaraf etildi

Iste’molchilar tomonidan maishiy texnika xarid qilishda eng muhim omillardan biri — mahsulot sifati va kafolat xizmatining ishonchliligidir. Amalda esa ba’zan kafolat muddati davomida ham turli texnik nosozliklar kuzatilib, iste’molchilar qiyin holatga tushib qolishi mumkin. Bunday vaziyatlarda muammoni qonuniy asosda hal etish va mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo‘qon shahrida yashovchi S.A. tovar qiymatini bir yil davomida bo‘lib to‘lash shartlarida 23 000 000 so‘mga Haier rusumidagi televizor xarid qilgan. O‘tgan yilning noyabr oyida 3 yillik kafolat muddati bilan sotib olingan televizorda nuqson kuzatilgach, u mazkur masalada dastlab servis markaziga murojaat qilganida nuqsonni to‘liq bartaraf qilishning imkoni bo‘lmagan. Shundan so‘ng sotuvchi bilan televizorni almashtirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmagach, Federatsiyaning 1091 ishonch raqamiga murojaat qilib, amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Murojaat Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida servis markazi ustasi tomonidan televizorni dastlabki tekshirish va qayta dasturlash ishlari kerakli natijani bermagach, ishlab chiqaruvchi bilan maslahatlashgan holda televizorni iste’molchi xonadonidan olib ketib, Toshkent shahridagi servis markaziga yuborildi. U yerda texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan maishiy texnikadagi nuqson to‘liq bartaraf etilib, soz holatga keltirildi hamda iste’molchi xonadoniga keltirib berildi.

Mazkur holatda ham mas’ul tashkilotlar aralashuvi orqali iste’molchining murojaati ijobiy hal etildi va texnika to‘liq soz holatga keltirildi. Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi samarali ishlayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, har qanday nizoli vaziyatda iste’molchilar o‘z huquqlarini bilib, tegishli idoralarga murojaat qilish orqali muammolarini hal etishlari mumkin.

Alisher Raximov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий