Nuqsonli tovar qaytarildi: iste’molchi huquqi ustuvorligi ta’minlandi
Bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, har bir iste’molchi sifatli va xavfsiz tovar xarid qilish, nuqson aniqlangan taqdirda esa o‘z huquqlarini tiklash imkoniyatiga ega. Shu bois, iste’molchilarning murojaatlari asosida amalga oshirilayotgan o‘rganish ishlari ularning manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi iste’molchi D.M. maishiy texnika do‘konidan 800 000 so‘mga changyutgich xarid qilgan. Biroq, uni uy sharoitida ishlatish jarayonida texnikada ortiqcha qizib ketish holati kuzatilib, yoqimsiz hid chiqara boshlagan. Holatdan xavotirlangan iste’molchi qurilmani darhol elektr tarmog‘idan uzib, sotuvchi bilan bog‘langan hamda muammoni tushuntirgan.
Afsuski, sotuvchi tomonidan iste’molchining murojaatiga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Shundan so‘ng iste’molchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida jamiyat mutaxassislari tomonidan holat atroflicha tahlil qilindi. Sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari, bunday holatlarda iste’molchining talablari qondirilishi shartligi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida sotuvchi o‘z xatosini tan olib, iste’molchidan nuqsonli deb topilgan changyutgichni qaytarib oldi hamda uning uchun to‘langan mablag‘ni to‘liq qaytardi. Shu tariqa iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.
Xulosa qilib aytganda, iste’molchi har qanday nuqsonli tovar yoki sifatsiz xizmat holatida o‘z huquqlarini talab qilishga haqli. Agar sotuvchi tomonidan murojaat inobatga olinmasa, tegishli tashkilotlarga murojaat qilish orqali adolatni tiklash mumkin. Eng muhimi, iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va ulardan foydalanishdan cho‘chimasligi lozim.
Baxtiyor Abduraxmonov,
jamiyat raisi.



Отправить комментарий