Nuqsonli chiqqan gaz plitasi bo‘yicha murojaat ijobiy hal etildi
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi fuqaro M. X. tomonidan xarid qilingan maishiy texnika – gaz plitasi bilan bog‘liq muammo yuzasidan murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaat O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali qabul qilinib, belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi “FRAST-TRADE-SENTER” MChJdan 3 384 000 so‘mga FERRE rusumli gaz plitasini xarid qilgan. Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida qisqa vaqt ichida uning gorelka qismida nosozliklar aniqlangan. Servis xizmati tomonidan dastlab ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, muammo qayta takrorlangan va fuqaro tomonidan mahsulotni almashtirish talabi bilan murojaat qilingan.
O‘rganish jarayonida mutaxassislar tomonidan sotuvchi korxona mas’ullari bilan uchrashilib, amaldagi qonunchilik normalari, xususan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-16-moddalari mazmuni tushuntirildi. Ushbu moddalarga muvofiq, iste’molchi nuqsonli tovarni almashtirish, bepul ta’mirlatish yoki yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Olib borilgan o‘rganish va muzokaralar natijasida sotuvchi tashkilot tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, fuqaroning talabi qanoatlantirildi. Xususan, nuqsonli gaz plitasi iste’molchining xohishiga ko‘ra yangi, soz holatdagi mahsulotga almashtirib berildi.
Shu bilan birga, murojaatchiga o‘z huquqlari, jumladan, qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilish imkoniyati haqida ham huquqiy tushuntirishlar berildi.



Отправить комментарий