Buyurtmaning sifatsiz bajarilishi ortidan iste’molchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan 8 million 400 ming so‘m zararning oldi olindi

Buyurtmaning sifatsiz bajarilishi ortidan iste’molchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan 8 million 400 ming so‘m zararning oldi olindi

Quva tumanida yashovchi fuqaro M. X.ning yangi xonadoniga o‘rnatilgan plastik romlar sifatsiz chiqqanidan norozi bo‘lib, tuman prokuraturasiga murojaat qilgan murojaati masalaning tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Quva tuman jamiyatiga qonuniy hal etish uchun yuborilgan. Murojaatda tadbirkor tomonidan o‘rnatilgan KAAS Proff plastik romlarida turli nuqsonlar mavjudligi, bir necha bor qilingan murojaatlarga qaramasdan kamchiliklar bartaraf etilmagani bayon qilingan.

O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi bundan 4–5 oy oldin xonadoniga 5 dona KAAS Proff plastik romlarini 700 AQSh dollari, ya’ni 8 million 400 ming so‘m evaziga o‘rnattirgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan romlarda turli texnik nuqsonlar yuzaga kelgan. Xususan, ayrim romlar notekis kesilgani, ba’zi oynalar terlab qolishi, shuningdek ikki qavatli oynalarning ayrim joylarida rezinalar o‘rnatilmagani aniqlangan.

Murojaatni o‘rganish davomida jamiyat mutaxassislari iste’molchi xonadoniga borib holatni joyida o‘rgandi hamda plastik romlarni tayyorlab o‘rnatgan usta bilan suhbat o‘tkazdi. Suhbat jarayonida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablari tushuntirildi.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida tadbirkor tomonidan nuqsonli plastik romlar bepul almashtirib berildi va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Shu tariqa, 8 million 400 ming so‘mlik xizmat bo‘yicha iste’molchining huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklandi.

Mazkur holat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimida murojaatlarni tezkor va samarali ko‘rib chiqish muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi. Shuningdek, mahsulot yoki xizmat sifati talab darajasida bo‘lmagan holatlarda fuqarolar o‘z huquqlarini qonuniy tartibda himoya qilish imkoniyatiga ega ekani yana bir bor amalda tasdig‘ini topdi.

Отправить комментарий