Tadbirkorlik maqsadida xarid qilingan tovar yuzasidan murojaat ham o‘rganildi
Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro R.A. tomonidan Farg‘ona shahrida joylashgan savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida xarid qilingan muzqaymoq tayyorlash uskunasi nosoz holatga kelib qolgani yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilindi.
Hujjatlarga ko‘ra, fuqaro 2026 yil 28 fevral kuni “FRIGOMAT BL-260” rusumli muzqaymoq ishlab chiqarish uskunasini 40 million 61 ming 200 so‘m evaziga muddatli to‘lov asosida xarid qilgan. Keyinchalik uskunadan foydalanish jarayonida nosozlik yuzaga kelgani bildirilib, uni ta’mirlab berishda amaliy yordam so‘ralgan.
Tuman jamiyati tomonidan murojaat qonun doirasida o‘rganilib, savdo tashkilotiga rasmiy so‘rov xati yuborildi. O‘rganish jarayonida sotuvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uskuna kafolat doirasida ko‘rikdan o‘tkazilib, ta’mirlangan hamda fuqaroga soz holatda topshirilgani ma’lum qilingan.
Mazkur holatda alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim huquqiy jihat mavjud. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 1-moddasiga muvofiq, iste’molchi — tovarni shaxsiy iste’mol va maishiy ehtiyojlar uchun sotib oluvchi yoki undan foydalanuvchi fuqaro hisoblanadi. Tadbirkorlik faoliyati yoki daromad olish maqsadida xarid qilingan tovarlar mazkur qonun doirasidagi “iste’mol” tushunchasiga kirmaydi.
Ushbu murojaatda esa muzqaymoq ishlab chiqarish uskunasi foyda olish, ya’ni tijorat maqsadida foydalanish uchun xarid qilingani ko‘rinib turibdi. Shu bois, amaldagi milliy qonunchilik nuqtai nazaridan R.A. Ro‘zixon mazkur munosabatda klassik ma’nodagi “iste’molchi” sifatida baholanmaydi.
Shunga qaramasdan, ayrim xorijiy davlatlar qonunchiligida bunday holatlarga nisbatan kengroq yondashuv mavjud. Masalan, Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlarida, xususan Fransiya va Ispaniya amaliyotida mikrotadbirkorlar yoki yakka tartibda faoliyat yurituvchi shaxslar muayyan holatlarda “zaif tomon” sifatida baholanib, iste’molchilarga yaqin huquqiy himoya mexanizmlaridan foydalanishi mumkin. Shuningdek, Kanada va Avstraliyaning ayrim huquqiy amaliyotlarida ham kichik biznes sub’ektlarining muayyan turdagi shartnomaviy munosabatlari bo‘yicha iste’molchilarga xos kafolatlar tatbiq etilishi uchraydi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimi tashkilotlari esa amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga amaliy ko‘mak berish va muammolarni sudgacha hal etishga ko‘maklashish maqsadida bu kabi murojaatlarni ham atroflicha o‘rganib kelmoqda. Zero, ayrim holatlarda murojaat qiluvchi shaxs rasman “iste’molchi” maqomiga ega bo‘lmasa-da, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda huquqiy maslahat va amaliy yordam muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur murojaat ham ana shunday yondashuv asosida ko‘rib chiqilib, fuqaroga huquqiy tushuntirishlar berildi hamda savdo tashkiloti bilan muloqot o‘rnatish orqali masalaning ijobiy hal etilishiga amaliy ko‘maklashildi.



Отправить комментарий