Bola uchun o‘yinchoqni narxiga qarab tanlash to‘g‘rimi?

Bola uchun o‘yinchoqni narxiga qarab tanlash to‘g‘rimi?

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, iste’molchi tovar haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, xavfsiz hamda sifatli tovarni tanlash huquqiga ega. Ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi tovar haqida zarur va tushunarli ma’lumot berishi, tovar esa inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lishi lozim.

O‘zbekistonda bolalar o‘yinchoqlari uchun maxsus 0354-18-sonli sanitariya qoidalari va me’yorlari — «Bolalar uchun o‘yinchoqlar (o‘yinlar) xavfsizligiga doir gigienik talablar» mavjud. U rasmiy sanitariya me’yorlari reestrida qayd etilgan. Unda o‘yinchoqlarni ishlab chiqarish, olib kirish, sotish va sifatini nazorat qilish bilan bog‘liq gigienik talablar belgilangan.

Ushbu hujjatning mazmunidan kelib chiqadigan asosiy talablar:

— o‘yinchoqda haddan tashqari yoqimsiz yoki o‘tkir kimyoviy hid bo‘lmasligi;
— zararli kimyoviy moddalar ajralishi belgilangan me’yorlardan oshmasligi;
— 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yinchoqlarda birinchi xavf sinfiga mansub moddalar migratsiyasiga yo‘l qo‘yilmasligi;
— ishlatilgan materiallarni qayta ishlash natijasida olingan ikkilamchi xomashyoni qo‘llashga cheklovlar mavjudligi;
— bo‘yoq va himoya qoplamalarining namlik, so‘lak va ter ta’siriga chidamli bo‘lishi;
— elektr o‘yinchoqlarida nominal kuchlanish 24 V dan oshmasligi va tok o‘tkazuvchi qismlar tegishlicha himoyalangan bo‘lishi;
— ovoz chiqaruvchi o‘yinchoqlarda bola yoshiga qarab ovoz darajasiga talablar qo‘yilishi belgilangan.

2026 yil iyun’ oyida Jizzaxda o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruvlarida ayrim bolalar o‘yinchoqlarida o‘tkir hid, namlikka chidamsiz qoplama, mayda qismlarning mustahkam emasligi, mexanik ta’sirga bardoshsizlik va formal’degid miqdorining belgilangan me’yordan yuqoriligi aniqlangan. Ayrim mahsulotlarni savdodan chiqarish choralari ko‘rilgan.

Bu holat bitta juda muhim xulosani beradi:

O‘yinchoqning tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lishi — uning xavfsiz ekanini anglatmaydi.

Ayniqsa, bozorda va onlayn savdoda ota-onalar quyidagi xavflarga duch kelishi mumkin:

— Mayda detallar — yutib yuborish va nafas yo‘liga tushish xavfi.

— Noma’lum material va o‘tkir hid — sanitariya-kimyoviy xavflar ehtimoli.

— Batareyali va elektr o‘yinchoqlar — batareya bo‘limi yetarlicha himoyalanmagan bo‘lsa, alohida xavf tug‘diradi.

— Juda baland ovoz — bolaning eshitish organiga salbiy ta’sir ehtimolini oshirishi mumkin.

— O‘tkir qirralar va oson ajraladigan qismlar — jarohatlanish xavfi.

— Noma’lum sotuvchi — ishlab chiqaruvchi, yosh cheklovi va mahsulot haqida ishonchli ma’lumotni tekshirish qiyinlashadi.

Jahon tajribasida qanday yondashuv bor?

Xalqaro standartlarda o‘yinchoq xavfsizligiga juda keng qaraladi.

ISO 8124-1:2022 standarti o‘yinchoqlarning mexanik va fizik xavfsizligiga bag‘ishlangan bo‘lib, mayda qismlar, o‘tkir uchlar va qirralar, o‘lcham, shakl, oraliqlar va boshqa konstruktiv xavflarni hisobga oladi. Standart o‘yinchoqni faqat yangi holatida emas, balki oddiy foydalanish va prognoz qilinadigan zo‘riqishlardan keyin ham baholashni nazarda tutadi.

Yevropa Ittifoqida Toy Safety Directive 2009/48/EC o‘yinchoqlar bozorga chiqarilishidan oldin ular javob berishi lozim bo‘lgan xavfsizlik mezonlarini belgilaydi. Kimyoviy xavflar bo‘yicha talablar esa ilmiy-texnik yangiliklarga mos ravishda muntazam yangilanib bormoqda.

AQShda esa ASTM F963 o‘yinchoqlar xavfsizligi standarti muhim o‘rin tutadi. U mayda qismlar, og‘ir metallar, ftalatlar, elektr va issiqlik xavfi, ovoz chiqaruvchi o‘yinchoqlar, simlar va boshqa ko‘plab xavf omillarini qamrab oladi. AQShda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yinchoqlarga nisbatan uchinchi tomon laboratoriya sinovlari va sertifikatlash talablari ham qo‘llaniladi.

Britaniyaning rasmiy tavsiyalarida esa ota-onalarga ishonchli sotuvchidan xarid qilish, yoshga oid ogohlantirishlarni o‘qish, mahsulot qaytarib olingan-olinmaganini tekshirish, batareya xavfiga e’tibor berish va shubhali darajada arzon mahsulotlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish tavsiya qilinadi.

O‘yinchoq bola rivojida qanday ahamiyatga ega?

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, eng yaxshi o‘yinchoq har doim ham eng qimmati yoki eng elektronlashgani emas.

UNICEF o‘yinni bolaning kognitiv, ijtimoiy va jismoniy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muhim deb baholaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham erta yoshdagi bolalar rivojida psixo-ijtimoiy rag‘batlantirish muhimligini ta’kidlaydi.

Amerikaning Pediatriya akademiyasi tavsiyalariga ko‘ra, qimmat yoki trenddagi o‘yinchoq har doim ham eng foydali degani emas. Tasavvurni ishga soladigan, muammoni hal qilishga undaydigan, ijodkorlik va ota-ona bilan muloqotni rag‘batlantiradigan o‘yinchoqlar bola rivoji uchun juda muhim.

Shu sababli, o‘yinchoq tanlashda asosiy savol:

«Bu o‘yinchoq qancha turadi?» emas, «Bu o‘yinchoq farzandimga nima beradi va u uchun xavfsizmi?» bo‘lishi kerak.

Sherzod Muxamov,
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi.

Отправить комментарий