Nosoz suv hisoblagichi bo‘yicha murojaat ijobiy hal etildi

Nosoz suv hisoblagichi bo‘yicha murojaat ijobiy hal etildi

Kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarda aniqlik va ishonchlilik muhim ahamiyatga ega. Buning uchun suvni hisobga olish asboblari belgilangan tartibda tekshirilishi, o‘rnatilishi va texnik holati nazorat qilinishi kerak. Biroq hisoblagich bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, iste’molchi o‘z huquqini himoya qilish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi mumkin.

Toshloq tumani Shodlik MFY hududida yashovchi fuqaro G‘. Yu. xonadonidagi ichimlik suvi hisoblagichi bilan bog‘liq muammo yuzasidan tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaatda avval o‘rnatilgan hisoblagich ichimlik suv ta’minoti korxonasi mas’ullari tomonidan laboratoriya tekshiruviga olib ketilgani, keyin esa uning nosozligi bildirilib, boshqa hisoblagich o‘rnatilgani, ammo ushbu hisoblagich ham keyinchalik nosoz holatda ekanligi aniqlangani bayon etilgan.

Murojaat yuzasidan jamiyat tomonidan «Farg‘ona suv ta’minoti» AJ Toshloq tuman filialiga so‘rovnoma kiritildi. Uning asosida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Metrologiya bo‘limi tomonidan suv hisoblagichi qayta o‘rganildi. Korxona xodimlari hisoblagichni yechib olib, ta’mirdan o‘tkazdilar. Keyin tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, unga davlat standarti tamg‘asi bosildi. Natijada fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan masala amaliy ravishda ijobiy hal etildi.

Suv hisoblagichi yechilganda yoki yangisi o‘rnatilganda, uning tartib raqami, ko‘rsatkichlari va amalga oshirilgan ishlar ikki tomonlama dalolatnomada qayd etilishi muhim. Amaldagi tartibga ko‘ra, suvni hisobga olish asbobini tekshirish yoki ta’mirlash muddati yechilgan paytdan boshlab qayta o‘rnatilib, plombalangunga qadar 30 kalendar kundan oshmasligi kerak.

Mazkur holat iste’molchilarga eslatma bo‘lib xizmat qiladi: kommunal xizmatlarga oid muammolarni e’tiborsiz qoldirmasdan, hujjatlar asosida murojaat qilish va hisoblagich bilan bog‘liq har bir amalni rasmiylashtirish o‘z huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Отправить комментарий