To‘langan pul o‘z vaqtida hisob raqamiga kiritilmagani oqibatida iste’molchida qarzdorlik kelib chiqqan
Uy-joy kommunal xizmatlari bilan bog‘liq to‘lovlarda kichik bir xatoning o‘zi ham iste’molchi hisobida qarzdorlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro B.A. bilan bog‘liq holat ham shunday masalalardan biri bo‘ldi. Fuqaro xonadondan maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati uchun to‘lovlarni amalga oshirganiga qaramay, keyinchalik uning hisob raqamida qarzdorlik aks etganidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga murojaat qildi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaroning 2026 yil 18 mart kuni 80 ming so‘m va 27 iyun kuni 200 ming so‘m, jami 280 ming so‘mni maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati uchun to‘lagani aniqlandi. Biroq mazkur mablag‘lar o‘z vaqtida iste’molchining hisob raqamiga kiritilmagan. Natijada amalda to‘lov qilingan bo‘lsa-da, hisob-kitobda bu mablag‘lar inobatga olinmagan.
Masala yuzasidan Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan «Agro Rishton ta’mir servis» MChJga murojaat qilindi. Tashkilot tomonidan holat qayta o‘rganilib, iste’molchi tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar tasdiqlandi. Natijada hisob raqamiga tushirilmagan 280 ming so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, fuqaroning hisob raqamiga kiritib berildi. Shu tariqa iste’molchining murojaatida ko‘tarilgan masala ijobiy hal etildi.
Ushbu holat kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirayotganda to‘lov cheki, kvitansiya yoki elektron to‘lov tasdig‘ini saqlab qo‘yish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Chunki to‘lov amalga oshirilgani haqidagi hujjat iste’molchining o‘z majburiyatini bajarganini tasdiqlovchi muhim dalil bo‘lishi mumkin.
Agar to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa-yu, shaxsiy hisob raqamida aks etmasa yoki qarzdorlik paydo bo‘lsa, iste’molchi bu holatni e’tiborsiz qoldirmasligi kerak. Avvalo to‘lov ma’lumotlarini tekshirish, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga murojaat qilish, zarur hollarda esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan amaliy yordam so‘rash mumkin.



Отправить комментарий