Tarki odat — amri mahol…mi?

Tarki odat — amri mahol…mi?

Qish kunlari boshlanishi bilan kun davomiyligi qisqarib, sutkaning qorongʼu vaqti uzayishi, qalin tuman tushishi kabi holatlar chekka hududlardan tuman markaziga ishga qatnovchi aholi uchun bir qadar noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Bu, albatta, tabiiy holat. Lekin shunday muammolar ham boʼladiki, biz oʼzaro soʼzlashuvda ular haqida gapirganda “sunʼiy ravishda” degan soʼz bilan aniqlik ham kiritib ketamiz. Shunday muammolarning biri aholiga yoʼnalishli taksi xizmatlarini koʼrsatuvchilar tomonidan kech tushishi bilan yoʼl kira haqlarini, oʼzaro kelishgan holda, biroz qimmatlashtirib olishlaridir. Аfsuski, bu holat ayrim yoʼnalishlardagi yoʼlovchi tashuvchilarning odatiga ham aylanib ulgurgan. Qish keldi deguncha, ularning ham xurmacha qiliqlari boshlanadi.
Tumanimizning Samandarak mahallasi aholisi ham shunday muammodan aziyat chekib kelayotgan edi. Mahalla faollarining tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishlariga ham shu narsa sabab boʼlgan.
Tuman jamiyati tomonidan mahalla ahlining murojaatida koʼrsatib oʼtilgan vajlarni oʼrganib chiqish ishlariga tuman IIB YXXB hamda Transport vazirligining Qoʼqon shahar boʼlimi masʼul xodimlarini jalb qilingan holda, xamkorlikda qoʼshma reyd tadbirlari oʼtkazildi. Oʼtkazilgan qoʼshma reyd tadbirlari davomida noqonuniy yoʼlovchi tashish faoliyati bilan shugʼullanayotgan 21 nafar xaydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtK ning 176 (prim 3) — moddasi hamda 165-moddasi asosida maʼmuriy bayyonnomalar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, mazkur tadbirda Bagʼdod tumani Samandarak-Bagʼdod yoʼnalishlarida yoʼlovchi tashish faoliyati bilan shugʼullanayotgan xaydovchilarga aholiga sifatli avtotransport xizmati koʼrsatish, fuqarolar bilan hushmuomala boʼlish, yoʼl kira haqini sunʼiy ravishda oʼzboshimchalik bilan oshirishga yoʼl qoʼymasliklari, shuningdek yoʼlovchi tashish faoliyati bilan tegishli tartibda litsenziyaga ega boʼlgan holda, ertalabki kunlik tibbiy va texnik koʼrikdan oʼtgandan soʼng yoʼlovchi tashish bilan shugʼullanishi boʼyicha tushuntirish ishlari olib borildi hamda kelgusida shunday oʼzboshimchaliklarga yoʼl qoʼymasliklari toʼgʼrisida ogohlantirildi.

MАRGʼUBАXON OLTIBOEVА
Bagʼdod tuman IHHQJ matbuot va axborot mutaxassisi

(yuqorida illyustrativ rasm)

Отправить комментарий