Sud lizing tashkilotiga o`z majburiyatlarini eslatib qo`ydi
Rishton tumani Jalaer qishlog`ida yashovchi U.Meliqo`ziev 2018 yilning 16 noyabr kunida “UMID SAVDO FAYZ INVEST” MChJ bilan 4 tonnalik ISUZU QR 71PL yuk tashish mashinasini lizing shartlarida sotib olish uchun shartnoma imzolaydi. Shartnomada ko`rsatib o`tilgan 114 980 000 (bir yuz o`n to`rt million to`qqiz yuz sakson ming) so`m pulni ham to`lab beradi. Shartnomaga ko`ra yuk avtomashinasi 180 kunlik muddatda yetkazib berilishi belgilanadi. Lekin …
Oradan shartnomada ko`rsatib o`tilgan muddat o`tib borayotgan bo`lsada isteʼmolchining yuk avtomashinasidan darak bo`lmaydi. U o`z kuchi bilan shartnomaning ikkinchi tarafiga majburiyatlarini to`liq ado qilishini tushuntirishga urinib ko`radi, lekin bundan natija chiqara olmaydi. Shundan so`ng u Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilib, yuzaga kelgan holat yuzasidan amaliy yordam ko`rsatilishini so`raydi.
Isteʼmolchining murojaati shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o`rganib chiqilishi jarayonida masʼuliyati cheklangan jamiyati mutasaddilariga murojaat qilinib, isteʼmolchining qonuniy talablarini qondirish, aks holda masala yuzasidan sudga murojaat qilinishi bildirildi. Lekin lizing tashkiloti ixtiyoriy ravishda isteʼmolchining qonuniy talablarini qondirishni lozim topmadi. Shahar jamiyati tomonidan tegishli hujjatlar tayyorlanib, sudga daʼvo arizasi kiritilgach esa tomonlar o`rtasida kelishuvga erishilib, lizing tashkiloti tomonidan 114 980 000 so`m mablag` isteʼmolchining bank plastik kartochkasiga tushirib berildi.
— Hurmatli Jahongir Toshpulatovich va Federatsiyada xizmat qilayotgan jamoa aʼzolari, — deydi isteʼmolchi Federatsiya raisi nomiga yozgan minnatdorchilik xatida. — O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Shu jumladan meni ishimni ko`rib chiqib, ijobiy hal qilib bergan Farg`ona shahar jamiyati xodimlari R.Maradjapov va Sh.Oxunovlarga alohida rahmat aytib qolaman.
So`zim nihoyasida O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunidagi quyidagi normalarni isteʼmolchilar eʼtiboriga havola qilmoqchiman:
Isteʼmolchi shartnoma tuzish yoʼli bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo`lib, bu shartnomaga ko`ra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) isteʼmolchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko`rsatish) majburiyatini, isteʼmolchi esa, shartlashilgan pulni to`lash majburiyatini o`z zimmalariga oladilar (qonunning 8-moddasi birinchi qismi).
Аgar ijrochi shartnomani ijro etishga o`z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo`lib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish, xizmat ko`rsatish to`g`risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli (qonunning 19-moddasi uchinchi qismi).
Nodirjon Toshkanov
Farg`ona shahar IHHQ jamiyati raisi
Отправить комментарий