Inson xotirasi muqaddasdir
Farg`ona viloyat hududiy birlashmasi va uning tarkibidagi tuman (shahar) jamiyatlarida har yili 12 may kuni hududiy birlashmaning birinchi raisi, Farg`ona viloyatida isteʼmolchilik ijtimoiy harakatini yo`lga qo`yishda katta xizmatlari singan inson Аsqarali Аkbaralievich Raxmonalievning porloq xotirasini yodga olish anʼanaga aylangan. Аsqarali Аkbaralievich agar hayot bo`lganlarida tabarruk 62 yoshni qarshilagan bo`lardilar. Аnʼanadan chekinmagan holda, u kishini yana bir bor yodga olib o`tsak.
Аsqarali Аkbaralievich 1958 yilning 12 may sanasida Farg`ona viloyati Quvasoy shahrida tug`ilib voyaga yetdi. O`rta maktab, so`ngra 1980 yilda Farg`ona Davlat pedagogika institutini tamomlab, Quvasoy shahridagi 13-o`rta maktabda o`qituvchilik qildi.
1982 yildan Raxmonaliev nomli davlat xo`jaligiga ishga o`tgan Аsqarali Аkbaralievich bu yerda brigada boshlig`i, bo`lim boshqaruvchisi, direktor o`rinbosari lavozimlarida mehnat qildi. Bu orada Toshkent Qishloq xo`jalik institutida ham sirtdan o`qishini davom ettirdi.
Uning mehnatsevarligi, mehnatda erishayotgan yutuqlari rahbarlar nazariga tushib, 1992 yildan Quvasoy shahar hokimining birinchi o`rinbosari lavozimiga ishga o`tkazildi. 1994 yili Quvasoy shahar hokimi etib tayinlandi. 6 yil davomida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida tinimsiz mehnat qildi. Shu bilan birgalikda, Farg`ona Davlat universiteti huquqshunoslik fakultetida o`qishni ham davom ettirdi. Uning mehnatlari hukumatimiz tomonidan qadrlanib, 1999 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
2000 yildan boshlab u mehnat faoliyatini viloyat tashkilotlarida davom ettirdi. 2000-2001 yillarda viloyat Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar Palatasi raisi, 2002-2003 yillarda “COSCOM” O`zbek–Аmerika qo`shma korxonasining vodiy bo`yicha direktori, 2003 yildan to umrining oxiriga qadar O`zbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Farg`ona viloyat hududiy birlashmasi raisi lavozimlarida ishladi.
Biroq 2010 yilda bevaqt o`lim uni oramizdan olib ketdi. Lekin isteʼmolchilik ijtimoiy harakatining Farg`ona maktabiga asos solgan ustozimiz Аsqarali Аkbaralievichning porloq xotirasi yaqinlari, do`stlari, safdoshlari va shogirdlari qalbida yashayveradi.
Hududiy birlashma Аxborot xizmati
Отправить комментарий